uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta” Aksiyadorlik Jamiyati 2024-Yilda Amalga Oshirilgan Ishlar, Erishilgan Natijalar Yuzasidan Brifing O‘Tkazdi.

image

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati 2024-yilda amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar yuzasidan brifing o‘tkazdi.

Brifingda quyidagi ma’lumotlar bayon etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘lllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF-37-son  Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida 2024-yilda  bir qator ishlar bajarildi. Xususan, aholi o‘rtasida  sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, bog‘cha, maktab va oliy ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan yoshlarni sug‘urtalash va sug‘urtaning yangi turlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-108-son qarori qabul qilinganligi sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, sohani takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib unga ko‘ra;

Sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha shartnomalarni yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish va Sug‘urta polislarini onlayn tizim orqali rasmiylashtirish to‘liq yakunlandi;

“O‘zagrosug‘urta” AJning joylardagi sug‘urta markazlarida barcha Sug‘urta turlari bo‘yicha Sug‘urta polislarini qog‘oz shaklida rasmiylashtirish amaliyotini bekor qilindi;

2024-yil 1-sentyabrdan boshlab Sug‘urta polislarini yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtirmaslik ularni haqiqiy emas deb topishga asos bo‘lishi hamda Sug‘urtalovchi tomonidan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzish deb hisoblanishi sababdan, sug‘urta polislarini O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining yagona elektron axborot tizimi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish joriy qilindi;

Qaror ijrosi yuzasidan kompaniyada mijozlar bazasini shakllantirish, moliyaviy hisobotlarni yuritish va hujjat aylanishi jarayonini to‘liq raqamlashtirishga erishildi.

Jamiyat tomonidan “Uzagros online” axborot tizimi ishga tushirildi va yagona elektron axborot tizimiga integratsiya qilindi. Natijada mijozlar uchun sug‘urta shartnomalari va sug‘urta polislarini elektron rasmiylashtirish, turli hisobot shakllarini yaratish kabi ishlar amalga oshirildi. Hozirgi kunga kelib, “Uzagros online” axborot tizimida 64 dan ortiq sug‘urta mahsulotlari onlayn shaklga o‘tkazildi. Shu bilan bir qatorda Jamiyatning rasmiy veb sayti orqali ham 26 ta sug‘urta mahsulotlari onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. Endilikda Jamiyat tomonidan onlayn polislarni sotib olish jarayoni yanada soddalashtirilgan bo‘lib, mijozlar o‘zi haqidagi minimal ma’lumotlarni kiritishi orqali ma’lumotlar bazasi avtomatik ravishda to‘liq shakllanadi.

Bevosita, sug‘urta faoliyatini amalga oshirish natijasida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining 2024-yilda ta’minlangan sug‘urta mukofotlari tezkor ma’lumotlarga ko‘ra 430 mlrd so‘mni tashkil qildi. Jamiyatda sug‘urta xizmatlarini taqdim etishda mahallabay tizimidan keng foydalanib kelinmoqda. Aholiga keng qamrovli sug‘urta xizmatlari ko‘rsatildi va buning natijasida aholi mol-mulkini sug‘urtalash turi bo‘yicha jami 26 889 shartnoma tuzilib sug‘urta mukofoti 40.0 mlrd so‘mni tashkil qildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari hamda maktab o‘quvchilarini sug‘urtalash bo‘yicha 238 535 ta sug‘urta shartnomalari tuzildi.

Olingan majburiyatlar doirasida mijozlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 2024-yilda tezkor ma’lumotlarga ko‘ra 42.1 mlrd so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi. Shundan majburiy sug‘urta bo‘yicha 24.4 mlrd so‘m, ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha esa 17.7 mlrd so‘m tovon puli to‘lab berildi.

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati o‘z faoliyatida xalqaro maydonda yuridik va jismoniy shaxslarga yuqori sifatli sug‘urta xizmatlari ko‘rsatib kelinayotganini tasdiqlovchi sifat menejmenti tizimida ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi sertifikatga ega.

Bu sertifikat kompaniyaning hududiy markazlarida mijozlar bilan ishlashda samarali usullarni tashkil etilganligi; 

- Malakali kadrlar bilan ta’minlanganligi;

          - Sug‘urta bozoridagi mijozlar talablarini o‘rgangan holda yangi sug‘urta mahsulotlarini yaratish kabi bir qator jihatlari yuqori darajada ekanligi tan olinganligini ko‘rsatadi.

Bundan tashqari milliy reyting agentligi “Axbor-Reyting” agentligi “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati faoliyatini “barqaror” prognozi bilan “UzA++” darajasida milliy miqyosdagi to‘lov qobiliyati reytingini tasdiqladi.

Bu, “O‘zagrosug‘urta” AJ to‘lov qobiliyatining yuqori darajasi bilan birga, sug‘urta bozoridagi nufuzini yanada mustahkamlash va mijozlar manfaatlarini himoya qilish uchun barcha sharoitlar yetarli ekanligidan dalolat beradi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili asosida aholiga sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Iste’molchilarning talab va takliflari, ularning har bir murojaati doimiy e’tibor markazimizda bo‘lib, kompaniya tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni hisoblanadi.