“O‘zagrosug‘urta” AJda sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish istiqbollari o‘rganildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 15-noyabrdagi 55-son topshiriqlar bayoni ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish yo‘nalishlari va ularni faoliyatga joriy etish istiqbollarini o‘rganishga qaratilgan amaliy tadbir tashkil etildi.
Shu asosda, “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvining 2025-yil 25-noyabrdagi 815-k-sonli buyrug‘i bilan har juma kuni sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish yo‘nalishlari va ularni joriy qilish istiqbollarini o‘rganish bo‘yicha tegishli ishlar belgilangan.
Mazkur topshiriqning 1.1-bandiga muvofiq, tashkilotlarda haftaning bir kunini sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanish tendensiyalari, imkoniyatlari va amaliy qo‘llash istiqbollarini o‘rganishga yo‘naltirish belgilangan.
Navbatdagi o‘quv-amaliy mashg‘ulot Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Robototexnika va intellektual tizimlar kafedrasi o‘qituvchisi Murodjonov Lutfulla ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbir davomida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimidagi xodimlarning sun’iy intellekt texnologiyalaridan samarali, xavfsiz va mas’uliyatli foydalanishi, shuningdek, zamonaviy AI vositalarini ish jarayonlariga tatbiq etish imkoniyatlari bo‘yicha o‘quv dasturlari va amaliy yondashuvlar muhokama qilindi.
Mashg‘ulotlarda sun’iy intellektdan foydalanishning afzalliklari, mehnat samaradorligini oshirish, ish jarayonlarini avtomatlashtirish hamda zamonaviy raqamli texnologiyalardan oqilona foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“O‘zagrosug‘urta” AJda bunday tashabbuslarning izchil yo‘lga qo‘yilishi xodimlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, innovatsion fikrlashni shakllantirish va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish orqali ish jarayonlari samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
