“Yoshlar kuni” doirasida sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy master-klass o‘tkazildi.
Har payshanba kuni an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yoshlar kuni” tadbirlari doirasida O‘zagrosug‘urta AJda “ChatGPT, Gemini va boshqa sun’iy intellekt vositalaridan samarali foydalanish” mavzusida amaliy master-klass tashkil etildi.
Tadbirda jamiyatning markaziy apparati xodimlari hamda yoshlar yetakchilari ishtirok etib, sun’iy intellekt texnologiyalaridan xizmat faoliyatida samarali foydalanishning zamonaviy usullari bilan tanishdilar.
Master-klass davomida ishtirokchilarga ChatGPT, Gemini va boshqa sun’iy intellekt platformalari yordamida tahliliy hisobotlar tayyorlash, taqdimotlar yaratish, xizmat hujjatlarini ishlab chiqish, ma’lumotlarni tahlil qilish hamda samarali so‘rovlar (prompt) tuzish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar berildi.
Shuningdek, sun’iy intellekt vositalarini kundalik ish jarayonlariga joriy etish orqali ish unumdorligini oshirish, vaqtni tejash va boshqaruv qarorlarini qabul qilish jarayonlarini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida yoshlar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi” doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Ishtirokchilar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar kelgusida raqamli texnologiyalarni yanada keng joriy etish hamda yoshlarning innovatsion salohiyatini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldilar hamda sun’iy intellekt vositalaridan amaliy faoliyatda foydalanish bo‘yicha tajriba almashdilar.
Mazkur master-klass yoshlarning raqamli kompetensiyalarini rivojlantirish, innovatsion yondashuvlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zagrosug‘urta AJda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.