uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“OʻZagrosugʻUrta” Aj: TaʼLim Va Xalqaro Ishonch YoʻLidagi Yangi Qadamlar.

image

“Oʻzagrosugʻurta” AJ: taʼlim va xalqaro ishonch yoʻlidagi yangi qadamlar.

"Oʻzagrosugʻurta" aksiyadorlik jamiyati tomonidan mamlakatimizda huquqiy taʼlimni rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash va yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan muhim tashabbus amalga oshirildi.

"Oʻzagrosugʻurta" AJ hamda Toshkent Davlat Yuridik Instituti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi. Ushbu memorandum taʼlim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish, nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uygʻunlashtirish hamda kelajakda yuqori malakali huquqshunos kadrlarni tayyorlashga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida talabalar uchun ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarni tashkil etish, soha mutaxassislari ishtirokida master-klasslar va seminarlar oʻtkazish, ilmiy-amaliy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, shuningdek, yosh mutaxassislarni mehnat bozoriga muvaffaqiyatli tayyorlash boʻyicha qator tashabbuslar yoʻlga qoʻyiladi.

Memorandumning yana bir muhim jihati – iqtidorli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning kasbiy salohiyatini rivojlantirish va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar yetishtirishga qaratilganligidir.

Shu bilan birga, "Oʻzagrosugʻurta" AJning xalqaro moliyaviy maydondagi ishonchli pozitsiyasi yana bir bor oʻz tasdigʻini topdi. Dunyodagi yetakchi reyting agentliklaridan biri boʻlgan Moodyʼs Investors Service Jamiyatning xalqaro kredit reytingini Ba3 darajasida "Positive" (Ijobiy) prognozi bilan yana bir bor tasdiqladi.

Mazkur reyting kompaniyaning moliyaviy barqarorligi, samarali korporativ boshqaruvi, majburiyatlarni oʻz vaqtida bajarish qobiliyati hamda uzoq muddatli rivojlanish strategiyasi xalqaro standartlarga mos ekanligini namoyon etadi.

Bugungi kunda "Oʻzagrosugʻurta" AJ nafaqat mamlakat sugʻurta bozoridagi yetakchi tashkilotlardan biri, balki yoshlar salohiyatini rivojlantirish, taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlik qilish va xalqaro moliyaviy institutlar ishonchini mustahkamlash yoʻlida izchil qadamlar tashlayotgan zamonaviy kompaniya sifatida oʻz faoliyatini davom ettirmoqda.

Taʼlim, innovatsiya va moliyaviy barqarorlikni uygʻunlashtirgan mazkur tashabbuslar kelajakda Jamiyatning raqobatbardoshligini yanada oshirish va mamlakat iqtisodiyoti rivojiga munosib hissa qoʻshishga xizmat qiladi.