uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Aholining Ishonchi — Asosiy Mezon: “O‘Zagrosug‘Urta” 2025-Yil Yakunlarini Taqdim Etdi

image

Aholining ishonchi — asosiy mezon: “O‘zagrosug‘urta” 2025-yil yakunlarini taqdim etdi

    “O‘zagrosug‘urta” AJ 2025-yil yakunlarini sarhisob qildi: aholi bilan manzilli muloqot, raqamli transformatsiya va xalqaro e’tirof kompaniyaning ishonchli hamkor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

    “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati 2025 yilda sug‘urta sohasining qator yo‘nalishlari, xususan, aholi o‘rtasida sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratdi. Kompaniya bugungi kunda O‘zbekiston sug‘urta bozoridagi mavjud ehtiyojlardan kelib chiqqan holda sug‘urtaning barcha turlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.

    So‘nggi yillarda “O‘zagrosug‘urta” AJ aholi o‘rtasida sug‘urta madaniyatini oshirish, yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etish va raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etishga alohida e’tibor qaratmoqda. O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2024-yil 1-martdagi PQ-108-sonli “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlab, 2025 yilda aholi bilan onlayn sug‘urta polislari rasmiylashtirish faolligi sezilarli darajada oshdi. Yil davomida jami sug‘urta turlari bo‘yicha 257 055 ta sug‘urta polislari rasmiylashtirilib, 151,7 trln so‘m javobgarlik olingan.

    Shundan aholiga taqdim etiladigan sug‘urta turlari bo‘yicha 185 mingdan ortiq sug‘urta polislari rasmiylashtirilib, fuqarolarning mol-mulki yoki sog‘lig‘iga yetgan kutilmagan zararlar oqibatida ko‘rilgan moliyaviy yo‘qotishlardan sug‘urtaviy himoyasi ta’minlangan. 2011 ta sug‘urta holati bo‘yicha jami 34 mlrd so‘m sug‘urta to‘lovlari amalga oshirildi.

    Jamiyat mutaxassislari aholi bilan bevosita muloqot qilish va manzilli ishlash tizimini yanada takomillashtirdi. Joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlar va shaxsiy suhbatlar davomida fuqarolarga sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan qonun xujjatlari ahamiyati tushintirilmoqda. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 23 iyulda qabul qilgan 458-sonli qarori bilan transport vositalari egalari uchun majburiy sug‘urta bo‘yicha soha mutaxassislari va haydovchilar tomonidan kutilgan o‘zgartirishlar batafsil tushuntirildi. Mutaxassislar aholining sug‘urtaga bo‘lgan ehtiyojlarini o‘rganib, ularga maqbul yechimlar taklif etdi hamda sug‘urta polislarini joyida rasmiylashtirishda amaliy yordam ko‘rsatmoqda.

    Bu kabi tadbirlar aholi va kompaniya o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash bilan birga, fuqarolarning moliyaviy xizmatlardan samarali foydalanish borasidagi bilimlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada aholining o‘z xonadoni, mol-mulki va oila a’zolarini sug‘urtaviy himoya qilishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada ortdi. Aholi tomonidan katta qiziqish bilan foydalaniladigan sug‘urta turlariga quyidagilarni kiritish mumkin:

    transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash (TVЕFJMSQ);

    mol-mulkni sug‘urtalash;

    baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash.

Birgina baxtsiz hodisalardan sug‘urtalash yo‘nalishida 40 ga yaqin sug‘urta turlari mavjud.

    2025 yil 21 oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda prezident tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash yuzasidan kompaniya faoliyatida raqamlashtirish va sun’iy intellektni joriy etish borasidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi. Bugungi kunda kompaniya 26 dan ortiq turdagi sug‘urta xizmatlarini zamonaviy axborot texnologiyalari va mobil ilova orqali taqdim etmoqda. Bu aholiga sug‘urta polislarini istalgan vaqtda va joyda o‘z ehtiyojidan kelib chiqib tanlash va rasmiylashtirish imkonini beradi.

    Jamiyatning onlayn sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish va faoliyatga zamonaviy raqamli yechimlarni tatbiq etish borasida salmoqli natijalarga erishdi. Xususan, Tashkent Digital Marketing forum 2025 forumida kompaniya maxsus “2024 yilda O‘zbekistonda onlayn sug‘urtani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” mukofotga loyiq ko‘rildi. Shuningdek, Moody's Investors Service xalqaro reyting agentligi tomonidan berilgan “Ba3” (ijobiy) moliyaviy barqarorlik reytingi jamiyatning xalqaro investorlar va mahalliy aholining sug‘urta xizmatiga ishonchini yanada mustahkamlash uchun muhim indikator hisoblanib, jamiyatning xalqaro qayta sug‘urta bozoriga chiqish imkoniyatini jadallashtirmoqda.

    Bugungi kunda “O‘zagrosug‘urta” AJ butun respublika bo‘ylab 14 ta filial va 187 ta sug‘urta markazlari orqali 140 dan ortiq xizmatlarni taklif etmoqda. Kompaniya uchun mijozlar ishonchi muhim qadriyat bo‘lib, xizmatlar ko‘lamini nafaqat shaharlarda, balki mamlakatning olis hududlarida ham kengaytirish izchil davom ettiriladi.