uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Mehnat Faxriylarimiz Doim E’Zozda

image

Mehnat faxriylarimiz doim e’zozda

    9 may – Xotira va qadrlash kuni nafaqat ikkinchi jahon urushi qatnashchilari yoki front orti zahmatkashlarini yodga olish balki, mamlakat taraqqiyoti, yurt ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shgan faxriylarni ham e’zozlash yaxshi an’anaga aylangan. Sana munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJda uzoq yillar davomida munosib mehnat qilgan, kompaniyaning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan faxriy xodimlar ziyoratiga borildi.

     

Davron Ro‘ziev qariyb 40 yil davomida kompaniyada turli lavozimlarda faoliyat yuritib, uning ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnat qildi. Ayni damda Davron ota nafaqada, nabiralar qurshovida keksalik gashtini surmoqdalar. Kompaniya vakillarining kutilmaganda Davron bobo xonadoniga tashrifi sobiq xodimning ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi.

Rahmat Hikmatov esa umrining 28 yilini “O‘zagrosug‘urta”dagi samarali mehnat faoliyati bilan o‘tkazdi.  Qishloq xo‘jalgini sug‘urtalash borasida o‘z vaqtida ularga yetadigan mutaxassis juda kamyob bo‘lgan. Ishxonadagi qadrdonlarning diydori Rahmat otani ruhlantirib, ayni kuchga to‘lgan davrlarini yodga soldi, ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. 

         

 Kompaniya vakillari nafaqat Jamiyatda faoliyat yuritgan, balki front ortida ko‘p yillik xizmati bilan qahramonlik ko‘rsatgan yana yigirmadan ortiq mehnat faxriylarining holidan xabar oldi, sovg‘a-salomlar ulashdi. Ikki avlod vakillarining uchrashuvi samimiy suhbatga aylanib ketdi.

    — Toshkentning Beshyog‘och mavzeyida qizlik davrim o‘tgan. Otamdan juda erta ajralganmiz. Onam rahmatli 7 farzand bilan yolg‘iz qoldilar. Urush asoratlari tufayli har yerad qiyinchilik edi. Qarang orttirgan boyligim shu, odmigina sharoitli kvartirada yashayman. Ammo ilm jihatdan boymiz, deb maqtana olaman. Chunki professor vrachman, farzandim, mana nabiram, shogirdlarim jami yigirmaga yaqin professor chiqardim. Bular hammasi xalqqa xizmat qiladi. Chunki oyim rahmatli, doim ilm olishga o‘rgatdilar, farovonlikka yo‘l ilmlilarni ko‘paytirish deb qulog‘imizga quyib voyaga yetkazganlar. Taxta shippakda ishga qatnab, doim o‘qirdim. Qiynalib o‘qishga kirdim, professsor bo‘lganimni oyim ko‘rmadilar, lekin men va’damni ustidan chiqqanimdan shod edim. Ayting, men uchun bundan qimmatroq boylik bo‘lishi mumkinmi? Alloh mehribon, u so‘raganingizni beradi. Niyatni to‘g‘ri qilib, harakat qilsangiz bas. Mehr kerak. Kasbga mehr, yaqinlarga yoki Vatanga mehr. Mehr bo‘lsama davlat va na fayzu-baraka bo‘ladi, — deydi 91 yoshli front orti qatnashchisi Muxtabar Ibadova.    

    Bu kabi ezgu tadbirlar   “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida keng ko‘lamda davom etmoqda.

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati