uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Yoshlar – O‘Zbekistonning Eng Katta Boyligi, Bebaho Xazinasi

image

Yoshlar – O‘zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi

Munosabat

    Barchamizga ayonki, so‘nggi yillarda mamlakatimiz yoshlariga bo‘lgan munosabat butunlay o‘zgardi. Yoshlarga oid davlat siyosati asosida yoshlarning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarish borasidagi islohotlar izchil va samarali amalga oshirilmoqda.
    O‘zbekiston yoshlarining bilim va kasb-hunarlarni mukammal egallab, yetuk mutaxassis va vatanparvar inson bo‘lib kamol topishi uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.
    O‘zbekiston yoshlari forumida Davlatimiz rahbarining mamlakat yoshlari bilan muloqoti va murojaatida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan tashabbuslar har bir yosh, qolaversa ota-onalarni ham quvontirdi.
    Prezidentimiz tashabbusi bilan “Yoshlar: 1+1” dasturi doirasida ishsiz va uyushmagan yoshlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, yoshlarning loyihalarini moliyalashtirish uchun Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi qoshida alohida jamg‘arma tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratilishi shuningdek, “Har bir tadbirkor – yoshlarga madadkor”, “Yoshlar kichik sanoat zonalari”, “Loyihalar fabrikasi”, “Yoshlar texnoparklari” kabi loyihalar mamlakat yoshlari tadbirkorlik sohasiga keng jalb etiladi va ish bilan bandligi ta’minlanadi.

    Yoshlar bilan uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan bildirilgan muhim fikrlardan biri iqtidorli talabalar uchun Prezident granti ta’sis etilishi, respublikamizdagi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining bakalavriat bosqichi talabalari uchun ham Prezident va davlat stipendiyalarining joriy qilinishi, ikki va undan ortiq farzandini shartnoma asosida o‘qitayotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti berilishi yoshlarning bilim olishi, o‘z tengdoshlariga o‘rnak bo‘lishi uchun yana bir yuksak rag‘bat bo‘ldi.
    Respublika miqyosida ilk bor o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari forumida ishtirok etib, muhtaram Yurtboshimizning ma’ruzasini va yoshlarning takliflari bilan o‘rtoqlashish menda katta taassurot qoldirdi.
    Shuningdek, Prezidentimizning “Ilm o‘tda yonmaydigan, suvda cho‘kmaydigan, hech kim sizdan tortib ololmaydigan boylik ekanini aslo unutmang!” degan chaqiriqlari zamirida mamlakat yoshlarining buyuk ajdodlarimizning munosib avlod bo‘lib kamol topishi, yoshlar – mamlakatning hal qiluvchi kuchi ekanligini inobatga olib, ularning puxta bilim olishi va albatta kelgusida mamlakat rivoji uchun o‘z hissalarini qo‘shishda turtki bo‘lishi tabiiy.
    Ta’kidlash joizki, “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati ham davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan mamlakatda olib borilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati bilan hamohang ravishda Jamiyat yoshlarini qo‘llab-quvvatlash borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.


    Bugungi kunda “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida 300 ga yaqin yoshlar ishlamoqda hamda Jamiyatning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallarida Yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jamiyatimiz yoshlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida belgilangan tegishli chora-tadbirlar asosida ishlar tashkil etilmoqda.
   Tizim yoshlarining soha bilimlarini puxta egallash va ularni oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4412-sonli Qaroriga muvofiq o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 24 nafar xodim nomzod sifatida oliy ta’lim muassasasiga tavsiya etildi.
    Joriy yilning oktyabrь oyida Jamiyatning hududiy filiallari hamda sug‘urta markazlaridagi rahbarlik lavozimlariga jami 96 nafar yosh va tajribali xodimlar kadrlar zaxira bazasiga kiritildi hamda ularning 26 nafari rahbarlik lavozimlariga tayinlandi.
Jamiyat tizimidagi uy-joyga muhtoj bo‘lgan yosh oilali xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan yangi turar joy majmuasidan tajriba-loyiha sifatida 15 nafar yosh xodim imtiyozli ravishda kvartira xarid qilishiga erishildi.
    Yosh xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida sportning mini-futbol hamda boshqa turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi ta’minlanmoqda.
    Davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekiston yoshlari forumida ilgari surilgan fikr va tashabbuslarini “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida izchil amalga oshirish bo‘yicha alohida manzilli “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilishi, unda Jamiyat tizimining barcha bo‘g‘inidagi yoshlar, shu jumladan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni jalb qilish kabi vazifalar belgilanadi.

Bobur Hamroyev,
“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvining
Yoshlar yetakchilari kengashi raisi

(Maqolada foydalanilgan fotosuratlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-saytidan olindi)