“O‘zagrosug‘urta” AJda — “Yoshlar kuni”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida “O‘zagrosug‘urta” AJda “Yoshlar kuni” doirasida tizimdagi yosh xodimlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Muloqot markazida yosh mutaxassislarning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur tizimli shart-sharoitlar yaratish masalasi turdi. Xususan, ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish, uzluksiz ta’lim va malaka oshirish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash, xalqaro stajirovkalarni tashkil etish hamda ochiq va shaffof kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha tashabbuslarga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, ustoz-shogird institutini takomillashtirish, zamonaviy talablarga mos, aniq va tushunarli karyera yo‘nalishlarini belgilash masalalari ham muhokama qilindi. Jumladan, sug‘urta sohasida muhim ahamiyat kasb etadigan aholi bilan ishlash madaniyati, muzokara olib borish mahorati, loyiha boshqaruvi hamda boshqa zarur kompetensiyalarni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning sug‘urta tizimini rivojlantirish borasidagi maqsad va vazifalariga erishishlari uchun salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladigan qulay muhit yaratish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida yoshlarning islohotlar jarayonidagi rolini yanada kuchaytirish bo‘yicha bildirilgan fikr va takliflar qo‘llab-quvvatlanib, jamiyat faoliyatida yoshlarning samaradorligini oshirishga qaratilgan aniq amaliy chora-tadbirlar belgilab olindi.