Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni
9-dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJda “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.
Korrupsiya davlat va jamiyat taraqqiyotiga eng jiddiy putur yetkazadigan illatlardan biri bo‘lib, unga qarshi kurash butun dunyo mamlakatlari oldida turgan umumiy vazifadir. Chunki korrupsiya jamiyat rivojiga yo‘naltirilgan resurslar va imkoniyatlarni yemiradi. Shu bois har yili 9-dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tashabbusi bilan Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni sifatida keng nishonlanadi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida shakllandi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining tashkil etilishi, davlat xaridlarining to‘liq raqamlashtirilishi, litsenziyalash va ruxsatnoma jarayonlarining soddalashtirilishi ushbu illatning oldini olishda muhim qadam bo‘ldi. Ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy sohalarda ochiqlik standartlarining kuchaytirilishi esa korrupsiyani faqat jazolash tizimi orqali emas, balki profilaktika, raqamlashtirish va samarali boshqaruv orqali kamaytirishga xizmat qilmoqda. Bu esa jamiyatda halollik, mas’uliyat va adolatga sodiqlik madaniyatini shakllantirishga zamin yaratadi.
“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi binosida bugungi sana munosabati bilan tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” da Toshkent shahar sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati sudyalari A. Usmonov, F. Yodgorov, A. Mamirova hamda Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyalari Z. Raxmanova va Sh. Yakubovlar mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan ma’ruzalar qildi.
Bu kabi tadbirlar xodimlarning huquqiy ong va madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, eng muhimi, ularda ushbu illatga nisbatan qat’iy toqatsizlik kayfiyatini shakllantirish maqsadida davomiy tarzda o‘tkazilib kelinmoqda. Tadbirda “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida faoliyat yurituvchi barcha xodimlar ishtirok etishdi.
Tadbir yakunida mavzu doirasida fikr-mulohazalar almashinildi, ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi.