Sportning Mini-futbol va Shaxmat turi bo‘yicha navbatdagi “O‘zagrosug‘urta” AJ kubogi Namanganda o‘tkazildi
“O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, xodimlar o‘rtasida jamoaviy ruh va do‘stlikni mustahkamlash maqsadida Namanganda an’anaviy sport musobaqalari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda Jamiyat tizimida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish va xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan idoraviy dastur asosida Mini-futbol va Shaxmat musobaqalari tashkil etildi.
Bu yilgi turnir gullar shahri Namanganda o‘tkazilib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ichki turizmni rivojlantirish va xodimlar o‘rtasida sport ruhini oshirishga xizmat qildi.
Mini-futbol bahslarida Jamiyat Boshqaruvi, barcha hududiy filiallaridan hamda “Agros Hayot sug’urta kompaniyasi” AJdan tashrif buyurgan 16 ta jamoa o‘zaro kuch sinashdi. Yarim finalda Jamiyat Boshqaruvi va Andijon viloyati, Buxoro va Xorazm viloyatlari jamoalari bellashdi. Nihoyat, finalda Buxoro va Andijon filiallari jamoalari maydonga tushib, murosasiz o‘yinda Buxoro viloyati filiali jamoasi “O‘zagrosug‘urta” AJ IV- Mini-futbol kubogida g‘alaba qozonib bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
🏅 G‘oliblar va sovrindorlarga kubok, medal hamda esdalik sovg‘alari tantanali tarzda topshirildi.
Bundan tashqari Eng yaxshi darvozabon, Eng yaxshi to‘purar hamda Eng yaxshi o‘yinchi nominatsiyalari topshirildi.
Shaxmat musobaqasining Yarim final bosqichida Boshqaruv va Navoiy viloyati, Samarqand va Toshkent viloyati vakillari o‘zaro bellashishdi. Yakuniy bosqichda Samarqand va Navoiy filiallari vakillari finalda dona surishdi. G‘oliblikni Samarqand viloyati filiali vakili qo‘lga kiritib, “O‘zagrosug‘urta” AJ III-Shaxmat musobaqasining g‘olibi bo‘ldi.
Mazkur sport va madaniy tadbirlar “O‘zagrosug‘urta” AJ jamoasi orasida sog‘lom raqobat, jamoaviylik, hamjihatlik va faol hayot tarzini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.