“O‘zagrosug‘urta” AJda “Qadring baland boʻlsin, Ona tilim!” shiori ostida bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
21-oktabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatida “Qadring baland boʻlsin, Ona tilim!” shiori ostida bayram tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent To‘rayeva Dildora Anvarovna hamda jamiyatning barcha xodimlari ishtirok etdilar.
Ko‘tarinki va bayramona ruhda o‘tgan tadbir davomida o‘zbek tilining boy tarixi, unga huquqiy maqom berish yo‘lida bosib o‘tilgan mashaqqatli jarayonlar, shuningdek, bugungi kunda Yurtboshimiz rahbarligida tilimiz nufuzini yanada oshirish, uning keng imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish uchun yaratilgan sharoitlar hamda amalga oshirilayotgan islohotlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, bugun o‘zbek tili dunyoning nufuzli minbarlaridan jarang sochib, xalqaro maydonda tan olinayotgani, Vatanimiz sha’nini ifodalovchi muhim ramzlardan biriga aylangani barchada faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otmoqda.
Shuningdek, ishtirokchilar til — millatni millatdan ajratib turuvchi eng muhim belgilaridan biri ekanini qayd etib, har bir inson o‘z ona tilini chuqur bilishi, uni e’zozlab, boshqa millatlar tillariga ham hurmat bilan qarashi zarurligini alohida ta’kidlashdi.
Tadbir so‘ngida O‘zbek tilining nafosati, jozibasi va boyligini ifodalagan she’rlar o‘qildi.