O‘zagrosug‘urta AJ” Boshqaruvi raisi ommaviy qabul o‘tkazdi
Inson ertangi kuniga ishonch bilan boqishi uchun bugunidan rozi bo‘lishi lozim. Shu maqsadda, mamlakatimizda aholi turmush sharoitini yaxshilash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Eng muhimi bularning barchasiga avvalambor xalqimizning murojaatlari asos bo‘lmoqda. Zero, murojaatlarning har biri ortida inson manfaati, unga bog‘liq masalani hal etishdek mas’uliyat turadi.
Davlatimiz rahbari “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida ta’kidlaganidek, “Yo‘limiz shu paytgacha oson bo‘lgani yo‘q, bundan keyin ham oson bo‘lmaydi. Lekin biz dadil oldinga borishdan, kerak bo‘lsa, kutilmagan, ammo pirovard natijasi samarali va xalqimiz manfaatlariga javob beradigan noan’anaviy qarorlar qabul qilishdan cho‘chimasligimiz zarur”. Haqiqatdan ham bugun xalq manfaati oliy qadriyatga aylanib bormoqda.
Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, “O‘zagrosug‘urta AJ” Boshqaruvi ommaviy qabullarga e’tibor qaratib kelmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan uchrashuvlarda sug‘urta bilan bog‘liq muammolar, umuman odamlar hayotini yengil qilishga, ularning hayotdan roziligini ta’minlashga qaratilgan murojaatlar yechim topyapti.
Jamiyat Boshqaruvi raisi Sarvar Otamuratov Toshkent shahrida aholi, shu bilan birga tadbirkorlik sub’ektlari vakillari bilan navbatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazib, ularning murojaatlariga quloq tutdi. Ta’kidlash joiz, murojaatlarning aksariyati sug‘urta tovonlarini to‘lab berish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Xususan, ommaviy qabulga tashrif buyurgan tadbirkor Asqad Jo‘raev “O‘zagrosug‘urta” AJning majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha sug‘urta xizmatlaridan foydalanib kelayotgani, unga xizmat ko‘rsatadigan bank tomonidan taklif etilayotgan sug‘urta shartnomalarini tuzish zarurati borligini, ammo Toshkent shahar filiali ushbu sug‘urta shartnomasining shartlari asosida sug‘urta shartnomalarini tuzishdan bosh tortayotganini ma’lum qildi. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, bu o‘z navbatida kredit olish jarayoning cho‘zilib ketishiga olib kelayotgani va ushbu masalada amaliy yordam berishni so‘radi.
Boshqaruv raisi tadbirkor ko‘targan masala bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekani, avvalo sug‘urta ishi sug‘urta tavakkalchiliklarini to‘g‘ri baxolash orqali tashkil etilishini aytib o‘tdi. — Bunda sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchi va sug‘urtalovchining manfaatlari atroflicha o‘rganib chiqilgan holda sug‘urta shartnomasining loyihalari ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi. Bank tomonidan taqdim etilgan sug‘urta shartnomalari faqat bank manfaatlarini ko‘zda tutgan holda ishlab chiqilganligi sababli, Fuqarolik kodeksining 52-bobiga zid kelmoqda. Bu masalada kerak bo‘lsa, yaqin kunlarda Markaziy bankka xat bilan chiqamiz va har tomonlama o‘zaro manfaatlarni himoyalagan holda sug‘urta shartnomalarining tuzilishini tashkil etish choralarini ko‘ramiz, — dedi Sarvar Otamuratov.
Muloqot davomida ta’kidlanganidek, bugungi kunda Jamiyatning Toshkent shahar filiali tomonidan olingan sug‘urta majburiyatlari bo‘yicha qarzdorlik mavjud emas. Bu ham Jamiyat xizmatidan foydalanuvchilar ishonchining ortishiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuvda “Inkassatsiya xizmati” DUK Toshkent shahar boshqarmasi muhandisi Ruslan Musaev tashkilotga tegishli transport vositalari soni ko‘pligi, ularni majburiy sug‘urta qilishda “O‘zagrosug‘urta” AJ bilan sug‘urta shartnomalari tuzilganini ma’lum qildi. Mas’ulning so‘zlariga ko‘ra, transport vositalariga olingan sug‘urta polislarining muddatlari turlicha bo‘lganligi sababli, har safar sug‘urta shartnomasini rasmiylashtirish zarurati tug‘ilmoqda. Shu bois, bosh shartnoma tayyorlab, uning ilovasiga asosan sug‘urta polislarini berish tizimini joriy qilish masalasini xal qilib berishini so‘radi.
Boshqaruv raisi ushbu masalada, bunday shartnomalar mavjudligi va “Inkassatsiya xizmati” DUK taklifiga ko‘ra ham bosh shartnoma asosida sug‘urta polislarini rasmiylashtirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ma’lum qildi.
Ommaviy qabul davomida bugungi kundagi real vaziyatga oydinlik kiritgan holda, ayrim muammolarga yechim topilgan bo‘lsa, chuqur o‘rganish talab etiladigan masalalar nazoratga olindi. Jamiyat Boshqaruvi tomonidan bu kabi sayyor qabullar respublikaning barcha hududlarida tashkil etilmoqda. Bu o‘z navbatida “xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoilining amalda ro‘yobini ta’minlashga xizmat qiladi.
Axborot xizmati