Sugʻurta — biznes xavfida ishonchli qalqon
“Oʻzagrosugʻurta” AJning Toshkent viloyati filialida hududda faoliyat olib borayotgan kichik va oʻrta biznes vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda kompaniya rahbariyati va mutaxassislari tomonidan tadbirkorlik faoliyatida sugʻurtaning oʻrni va ahamiyati, shuningdek, tadbirkorlar uchun taklif etilayotgan sugʻurta mahsulotlari haqida atroflicha maʼlumot berildi.
Sugʻurtaning kutilmagan xatarlarga qarshi moliyaviy himoya mexanizmi sifatidagi ahamiyati taʼkidlandi. Ayniqsa, ishlab chiqarish, savdo va xizmat koʻrsatish sohalaridagi biznes subyektlari uchun sugʻurta — yoʻqotishlarni minimallashtirish va barqaror faoliyatni taʼminlashning muhim sharti ekanligiga urgʻu berildi.
Shuningdek, tadbirkorlardan ularning faoliyatida qaysi turdagi sugʻurta xizmatlariga ehtiyoj yuqori ekanligi yuzasidan taklif va mulohazalar olindi. Kompaniya vakillari bu fikrlar kelgusida yangi sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqishda inobatga olinishini maʼlum qildi.