Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish tartibida o'zgartirishlar amalga oshirildi
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-iyuldagi “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tariflari koeffitsiyentlarini ish beruvchining faoliyat turlari bo‘yicha qayta belgilash to‘g‘risida”gi 443-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan quyidagi muhim o‘zgartirishlar kiritildi:
1. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tariflari koeffitsiyentlari 20ta kasbiy tavakkalchilik klasslari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlari (IFUT – Iqtisodiy faoliyat turlari umumdavlat tasniflagichi) ish beruvchining 934 faoliyat turlari kesimida qayta guruhlandi.
2. Majburiy sug‘urta turi qamrovini kengaytirish va barqaror sug‘urta himoyasini ta’minlash maqsadida ish beruvchilar uchun sug‘urta mukofotining minimal miqdori (bazaviy hisoblash miqdorining 0,25 baravari) belgilandi.
3. Sug‘urta summasini to‘lash bilan bog‘liq masalalarni hal qilish tartibi o‘zgartirildi. Xususan, sug‘urta tashkilotlarining qayta tibbiy ko‘rik natijalari asosida sug‘urta summasini to‘lash majburiyatlari nazarda tutilgan.
Ushbu o‘zgartirishlar sug‘urta munosabatlarida shaffoflik va adolatli yondashuvni ta’minlashga, xavfli mehnat sohalari uchun samarali himoya tizimini shakllantirishga hamda ish beruvchi va xodim manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi.
Manba: Istiqbolli loyihalar milliy agentligining rasmiy sayti (16.07.2025).
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 15.07.2025 yildagi 443-son qarori.