uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Sug‘Urta Qaltisliklarini Bilish Nima Uchun Muhim?

image

Sug‘urta qaltisliklarini bilish nima uchun muhim?

     “Kuni kecha yoqqan kuchli yomg‘ir natijasida yuzaga kelgan toshqin tufayli uyimning yer to‘lasini suv bosdi.  Men uyimni sug‘urtalatgan edim. Sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilsam, turli bahonalar bilan tovon to‘lashdan bosh tortayapti”. Bu sug‘urta tashkiloti va mijoz o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan real holat.  Sug‘urta kompaniyalari faoliyatida tez-tez uchrab turadigan bunday vaziyatlarning asosiy sabablaridan biri sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta qaltisliklaridan bexabarlikdir. Ya’ni, aksariyat hollarda shartnoma shartlarida ko‘rsatilmagan hodisalar uchun tovon talab qilinishi turli xil tushunmovchiliklarning yuzaga kelishiga olib keladi. Har doimgidek, yana o‘sha huquqiy va moliyaviy savodxonlik pand beradi. Bu esa o‘z navbatida sug‘urtaga bo‘lgan ishonchning yo‘qolishiga sabab bo‘ladi.

     Aslidachi? Aslida har bir harakatga savod bilan yondoshiladigan bo‘lsa, sug‘urta turli xavf-xatarlardan moliyaviy himoyalanishning eng maqbul yo‘li ekani oydinlashadi. Binobarin, sug‘urta yo‘nalishidagi munosabatlar “Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida”gi qonun hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik Kodeksidagi alohida bob bilan tartibga solingan bo‘lib unda sug‘urtalovchi va sug‘urta qildiruvchilarning huquq va majburiyatlari aniq qilib belgilab qo‘yilgan.   

     Ma’lumki, turli sug‘urta turida turli hodisalar sug‘urta qaltisliklari bo‘ladi. Ya’ni, qaltisliklar turi ko‘p. Misol sifatida mol-mulk sug‘urtasini oladigan bo‘lsak,  sug‘urta qildiruvchining O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga zid kelmaydigan sug‘urtalangan mol-mulkining zararlanishi, nobud bo‘lishi va yo‘qotilishi bilan bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaati sug‘urta ob’ekti hisoblanadi.

     Mazkur sug‘urta turiga ko‘ra, yong‘in, portlash, bo‘ron, kuchli shamol, dovul, jala, ko‘chki, tuproqning cho‘kishi va yemirilishi, yer osti suvlarining otilishi, sel, yashin urishi, zilzila,  do‘l, qalin qor yog‘ishi, buzib kirib o‘g‘irlik sodir etilishi sug‘urta qaltisliklari hisoblanadi.

    Yuqorida ta’kidlanganidek, sug‘urta kompaniyasi va mijoz o‘rtasidagi tushunmovchiliklar shartnoma shartlarida ko‘rsatilmagan hodisalar uchun tovon talab qilish jarayonida yuzaga keladi va hatto munosabatlarga sud tartibida oydinlik kiritishgacha boriladi. 

        Sug‘urta tovoni yoki sug‘urta pulini to‘lashni rad etish masalalari qonunchilikka asoslangan holda amalga oshiriladi. To‘lovning rad etilishiga olib keladigan ko‘plab omillar mavjud. Ularning asosiylaridan biri tovon uchun taqdim etiladigan hujjatlarning to‘liq emasligidir. Bu ham bir qarashda oddiy odam uchun qog‘ozbozlik va byurokratiyani eslatib yuborishi tayin. Ammo, sug‘urta firibgarliklari ham hayotimizda uchrab turishiga ko‘z yuma olmaymiz.  Yana bir muhim jihat - tovon puli sud tartibida unidirilishi bo‘yicha ham holatlar mavjud. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Sudga murojaat qilguncha tovonni to‘lab bersa bo‘lmasmidi? Bu haqli savol. Sud tartibida hal bo‘ladigan nizolarning aksariyatida sug‘urta kompaniyasiga vaqtida taqdim etilmagan hujjatlar taqdim etilishi hisobiga masala hal bo‘ladi. Tanganing ikkinchi tarafi bo‘lgani kabi sudga taqdim etilgan hujjat o‘z vaqtida sug‘urta kompaniyasiga taqdim etilganida bunchalar ovvoragarchilik yuzaga kelmas edi.

    Demak yuqoridagilardan ayon bo‘ladiki, mol-mulk, sog‘liq yoki hayot, biznes va qiymatga ega bo‘lgan boshqa yo‘nalishdagi xatarlarning moliyaviy himoyasi hisoblangan sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda albatta, uning shartlari bilan tanishib chiqish muhim ahamiyatga ega. Bu barcha ya’ni, majburiy va ixtiyoriy sug‘urta turlariga birdek taalluqli.

“O‘zagrosug‘urta” AJ

Axborot xizmati