uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Maqsad Odamlar Og‘Irini Yengil Qilish

image

Maqsad odamlar og‘irini yengil qilish

Mustaqillikning 30 yilligiga

    Vatanimiz mustaqilligiga hademay 30 yil to‘ladi. “O‘tgan vaqt oralig‘ida nimalarga erishdigu, nimalarga ulgurmadik?” degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy, albatta. Ammo, bugun qaysi sohani olmang, islohotlar izchilligi, natijadorligi ko‘zga tashlanadi. Eng asosiysi, fuqarolarning dunyoqarashi keskin o‘zgardi, daxldorlik hissi kuchaydi. Yurtdoshlarimizda Vatanimizning ravnaqiga munosib hissa qo‘shishdek oliy maqsad mustahkamlanib bormoqda. Bu mamlakat taraqqiyotini ta’minlashning eng asosiy omilidir.

    Ayni paytda jahon mamlakatlarida kechayotgan iqtisodiy-ijtimoiy jarayonlar, turli xavf-xatarlar keskin qarorlar qabul qilishga majbur qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda “barqarorlik” degan so‘zning qiymati va qadrini yana bir necha pog‘onaga ko‘tarmoqda. Aynan barqarorlik tufayli taraqqiyotga erishish mumkinligi bugun isbot talab qilmas haqiqatga aylandi. Bunga O‘zbekistonning bugungi holatini misol qilib keltirish mumkin.

    Iqtisodiyot, ijtimoiy soha, xalqaro hamkorlik, madaniy gumanitar yo‘nalishlar. Barchasi bosqichma-bosqich rivojlanib bormoqda. Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi so‘nggi 30 yil ichida 13,9 million kishiga oshdi. Ushbu raqamlarning o‘zi ham ko‘p narsani anglatadi. Ya’ni, qariyib 35 millionlik aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratishni o‘zi bo‘lmaydi. Buni birgina aholiga xizmat ko‘rsatish sohasidagi o‘zgarishlar misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, mutlaqo yangi tizim hayotga tadbiq etildiki, bu odamlarning og‘irini yengil qilish, sarsongarchilik, adolatsizlik, korruptsiyaga qarshi kurash borasidagi masalalarga yechim bo‘lmoqda. Sug‘urta sohasi ham bundan mustasno emas.

    Masalan, sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish yo‘lga qo‘yildi. Sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni (“E-polis”), shu jumladan internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish yuzasidan “UZINSURANCE” kompaniyasi (“O‘zagrosug‘urta” AJ) amaliy harakatlarni olib bormoqda. Bularning barchasi mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

    Ta’kidlash lozim, islohotlar natijadorligi bevosita mutaxassis-kadrlar salohiyati bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, kompaniya yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratmoqda. Misol uchun, davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 27 nafar xodim oliy ta’lim muassasasiga tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilindi.

    Yana bir e’tiborli jihat – “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida mehnat qilayotgan xodimlarning 30 foizdan ortig‘i yoshlar hisoblanadi. Rahbarlik lavozimlarida 22 nafar yosh, tashabbuskor, intiluvchan, masalalarga kreativ yondashadigan kadrlarning faoliyat yuritayotgani ham kompaniyaning istiqbolidan darak desa bo‘ladi.

    Yuqorida bildirilgan mulohazalar bugun yangi O‘zbekistonda amalga oshgan o‘zgarishlar orasida ummondan tomchi. Mamlakatimiz taraqqiyot sari ildamlab borar ekan, bu kabi amaliy harakatlar izchilligini yanada kuchaytirish, xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratib berish har qanday idora va tashkilotning bosh maqsadi bo‘lmog‘i lozim. Zero, mustaqilligimizning 30 yilligi shodiyonalari “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasi asosida o‘tayotganida ham chuqur ma’no mujassam.

Bobur HAMROYЕV,

“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvining

Yetakchilar kengashi raisi,

departament direktori