ASLIDA QANDAY?
“UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasi Axborot xizmati bugungi kunda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar, sug‘urta bozoridagi muammolar, oddiy fuqarolar uchun foydali va qiziq bo‘lgan ma’lumotlarni keng omma e’tiboriga havola qilish maqsadida “Aslida qanday?” nomli yangi loyihani ishlab chiqdi. Mazkur loyihada kompaniyamiz mutaxassislari bilan suhbat orqali ko‘plab sug‘urta bilan bog‘liq savollarga oydinlik kiritiladi. Loyihamizda navbatdagi suhbatdosh Yuridik departament boshlig‘i Sodiqov Behzodjon bo‘ldi.
Savol: Ma’lumki, sug‘urta yo‘nalishida ham sud tartibida hal etiladigan holatlar uchrab turadi. Sud tartibida hal etiladigan sug‘urta bilan bog‘liq nizolarga to‘xtalib o‘tsangiz.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining talablariga ko‘ra, sug‘urta bilan bog‘liq bir qancha nizolar sud tartibida ko‘rib chiqiladi. Bunday nizolar toifasiga sug‘urta shartnomasini haqiqiy emas deb topish, sug‘urta shartnomasini bekor qilish, sug‘urta tovonini undirish kabi nizolar kiradi. Amaliyotda sug‘urta bilan bog‘liq nizolarning asosiy qismini sug‘urta tovonini undirishga oid nizolar tashkil etadi. Bu turdagi nizolar sug‘urta kompaniyasi tomonidan sug‘urta tovonini to‘lab berishni rad etilishidan norozi bo‘lgan sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchilar tomonidan sudlarga kiritiladigan da’vo arizalar asosida ko‘rib chiqiladi. Bunda da’vogarlarga o‘zlarining da’vo talablarini isbotlab berish majburiyati, da’vo talabining asoslari, da’vo talablarining qiymati qanday vujudga kelganligi, sug‘urtalovchi sifatida sug‘urta kompaniyasining qaysi harakati yoki harakatsizligi uning huquq va manfaatlariga ta’sir ko‘rsatganligi kabi holatlarni isbotlab berish majburiyati yuklatiladi.
Savol: Sudning hal qiluv qarori ayrim hollarda sug‘urtalanuvchining foydasiga va ayrim hollarda esa sug‘urta qildiruvchining foydasiga chiqadi. Har ikkala holat bo‘yicha “UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasi faoliyati misolida batafsilroq izoh berib o‘tsangiz.
Javob: “UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasida sug‘urta tovonini to‘lash bo‘yicha qilingan har bir murojaat hujjatlar asosida o‘rganib chiqiladi va har bir holat bo‘yicha sug‘urta da’volarini ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiyaning asoslantirilgan qarori qabul qilinadi. Agar sug‘urta hodisasi yuz berganligi va sug‘urta tovoni to‘lash uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lsa, tovon to‘lash masalasi kompaniya tomonidan to‘liq amalga oshiriladi. Bunday holatda nizo vujudga kelmaydi. Misol uchun bizning kompaniya 2020 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida eng ko‘p sug‘urta tovonini to‘lab bergan sug‘urta kompaniyasi hisoblanadi.
Sug‘urta tovonini to‘lash uchun asoslar yetarli bo‘lmagan holatlarda esa tovon to‘lash masalasi rad etiladi. Mazkur holatda sug‘urtalovchi yoki naf oluvchilarda kompaniyaning mazkur xarakatlaridan norozi bo‘lib, sud idoralariga murojaat qilish holatlari kuzatiladi. Bu turdagi ishlarning asosiy qismi sud qarorlari bilan ham rad etiladi.
Shu o‘rinda amaliyotda ko‘p uchraydigan bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Aksariyat hollarda sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchilar tomonidan sug‘urta tovonini to‘lab berish yuzasidan sug‘urta kompaniyasiga murojaat qilinganida taqdim etilishi shart bo‘lgan hujjatlar ro‘yxati taraflar o‘rtasida tuzilgan sug‘urta shartnomalari bilan kelishib olingan bo‘lsada, ushbu hujjatlar to‘liq taqdim qilinmaydi. Shu sababli sug‘urta kompaniyasi hujjatlar to‘liq taqdim etilgach sug‘urta tovonini to‘lash yoki to‘lashni rad qilish masalasi ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan holda javob xati beradi. Biroq sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchilar tomonidan kamchiliklar bartaraf etilmasdan, ya’ni hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan holda sudga da’vo kiritiladi.
Shuning uchun nizolarni sudga qadar hal qilish, ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish uchun sug‘urta qildiruvchi va naf oluvchilar tomonidan sug‘urta shartnomalarining shartlariga qat’iy rioya etishlari talab etiladi.
Savol: Sug‘urta nizolarining oldini olish uchun nimalarga e’tibor qilish kerak deb hisoblaysiz.
Javob: Eng avvalo sug‘urta shartnomasining barcha taraflari shartnoma bo‘yicha o‘zlariga olgan majburiyatlarini lozim darajada bajarishlari kerak. Shuningdek, sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganligi va uning natijasida yetkazilgan zarar miqdorini da’vo qilishda holis bo‘lishlari lozim. Fuqarolarimizda sug‘urtaning asl mohiyatiga yetish uchun bir qator tushuntirish ishlarini olib borish zarur hisoblanadi. Sug‘urtaga faqat tovon undirish uchun emas balki hayotiy zaruriyat sifatida qarashimiz lozim. Chunki sug‘urta o‘z nomi bilan o‘zining tasodifiyligi, ehtimolligi bilan sug‘urta sanaladi. Amaliyotda bir qancha holatlarda sug‘urta qildiruvchilar sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganligini bilib turib, bu haqda sug‘urtalovchiga ma’lum qilmasdan yolg‘on ma’lumotlar bergan holda sug‘urta shartnomalarini tuzishga erishgan hollar ham uchrab turadi. Qonunchilik bo‘yicha bunday hollarda sug‘urta tovoni undirilmaydi va bunga javobgarlik ham belgilangan. Yuqorida qayd etilgan holatlarni bartaraf etishga erishgan taqdirimizda sug‘urta nizolarini kamaytirish imkoniyati bo‘ladi.
“UZINSURANCE” (“O‘zagrosug‘urta” AJ) kompaniyasi Axborot xizmati ushbu loyihani doimiy tarzda davom ettirish niyatida. Sug‘urtaning o‘ziga xos jihatlari, mijozlarni qiziqtirgan savollarga oydinlik kiritishda davom etamiz. Bizni kuzatib boring.