“O‘zagrosug‘urta” AJ: ayol xodimlar o‘rni
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-avgustdagi PQ-4412-sonli qarori ijrosi yuzasidan, “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning bir guruhi ya’ni 14 nafari joriy yilning 12-19-sentabr kunlari Chexiya Respublikasida o‘tkazilayotgan “Bozor segmentida sug‘urta mahsulotlarini sotishda Chexiya sug‘urta kompaniyalarining ilg‘or usullari” mavzusidagi o‘quv-amaliy kurslarida malaka oshirishmoqda.
O‘quv-kursi mashg‘ulotlarini Yevropa amaliy fanlar va menejment instituti professor-o‘qituvchilari hamda Chexiya Respublikasidagi yetakchi sug‘urta kompaniyalarining malakali mutaxassislari olib borishmoqda.
Jumladan, “Grow insurance” kompaniyasi mutaxassisi Eva Gmentova hamda “Skoda avto” kompaniyasi doktori Jiri Bohasek Chexiya sug‘urta kompaniyalarining sug‘urta amaliyoti va tajribasi bilan yaqindan tanishtirdilar.
O‘quv-kursi davomida qatnashchilar Chexiya sug‘urta bozorida biznes jarayonlari, sotuv va marketing, da’volarni ko‘rib chiqish tartibi bilan yaqindan tanishadilar.
Bugungi kunda “O‘zagrosug‘uta” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan ayollar ulushi 27 foizni tashkil etadi. Tizimdagi xotin-qizlarning tajriba va malakasini oshirib borish uchun keng imkoniyatlar mavjud.
Xususan, ishdan ajralmagan holda Oliy ta’lim muassasalarida taxsil olishlari, Magistratura yo‘nalishlarida o‘qishi va ilmiy ishlarni olib borishlari uchun sharoitlar yaratilgan. Shu bilan birga “O‘zagrosug‘uta” AJda rahbar ayollar bazasini shakllantirish uchun “Rahbar ayollar maktabi” o‘quv kursiga nomzodlar tavsiya etib kelinmoqda.