uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta”Da Mamlakatimiz Sug‘Urta Bozorini Rivojlantirish Istiqbollari Muhokama Qilindi

image

“O‘zagrosug‘urta”da mamlakatimiz sug‘urta bozorini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

“O‘zagrosug‘urta” AJning hududlarda faoliyat yuritayotgan olimlarning ilmiy takliflarini sohaga tatbiq etishga qaratilgan loyihasi doirasidagi bu galgi seminar Jamiyatning Toshkent shahar filialida o‘tkazildi. 

Tadbirda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti iqtisod fanlari doktori, professor Xo‘jayor Shennayev “O‘zbekistonda sug‘urta bozorining nazorati, hozirgi holati, muammolar va rivojlanish istiqbollari” mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. 

Tadbirda videokonferensaloqa orqali Boshqaruv mutaxassislari hamda hududiy filiallar mas’ul xodimlari ishtirok etdi.

Olim chiqishi davomida mamlakatimiz sug‘urta bozorini tahlil qilib, sohani yanada takomillashtirish borasidagi takliflarini bildirdi. 

– O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilarini sug‘urta kompaniyalari, sug‘urta brokerlari, assistanslar, adjaster va syurveyerlar tashkil qiladi. Bugun bozorimizda 36 ta sug‘urta kompaniyasi mavjud bo‘lib, ularning aksariyati umumiy sug‘urta sohasida, shuningdek, 6 tasi hayot sug‘urtasida faoliyat yuritib kelmoqda. Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida sug‘urta mukofotlarining yuqori o‘sish sur’atlari o‘rtacha qirq foizni tashkil etdi. Bu odamlarning sug‘urtaga bo‘lgan ishonchi ortayotganidan dalolatdir. Ammo sohaning to‘laqonli rivojlanishi uchun qator muammolar ham mavjud. Xususan, xususiy va kichik biznes vakillarining sug‘urta madaniyati rivojlanmagan. Ular sug‘urtaga sarflanadigan mablag‘larni ortiqcha xarajat deb tushunadilar. Shuningdek, bizda aholini sug‘urta bilan qamrab olish darajasi ham ancha past. Jon boshiga yiliga 18 AQSH dollaridan kam to‘g‘ri keladi, dunyo bo‘yicha bu ko‘rsatkich esa o‘rtacha 300 AQSH dollarini tashkil etadi. Bu sug‘urtalovchi tashkilotlarning aholi ichiga to‘liq kirib bormagani, hali katta bozor o‘zlashtirilishi kerakligini bildiradi. Sohani raqamlashtirish, talabga ko‘ra yangi sug‘urta mahsulotlarini joriy etish, iste’molchilar bilan kommunikatsiya kanallari va shakllarini kengaytirish kabilar sohani rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi, – dedi X.Shennayev 

Tadbirda sohani rivojlanish, ahvoli farovonligini oshirishda sug‘urtaning ahamiyatini oshirishga doir taklif va tavsiyalari berildi. Savollarga batafsil javob qaytarildi.