uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“Ўзагросуғурта” Юқори Самарадорликка Эришмоқда

image

“Ўзагросуғурта” юқори самарадорликка эришмоқда

 

Bugun O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining 2023-yil hamda 2024-yil I chorakdagi faoliyati tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. 

 

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati 2023 yilda sug‘urta sohasining qator yo‘nalishlari, xususan, aholi o‘rtasida sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilishga alohida e’tibor qaratdi. O‘tgan yil boshida Jamiyat mijozlar uchun 18 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlarini taqdim etgan bo‘lsa, 2023-yil oxiriga kelib, bunday xizmatlari soni 26 taga yetkazildi. Jamiyatning bugungi kunda respublikamiz bo‘ylab 14 ta filiali hamda jami 187 ta sug‘urta markazlari shahar va tumanlarda aholiga sug‘urta xizmatlari taklif etilmoqda. 

Mijozlarning kompaniya xizmatlaridan foydalanishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, Jamiyatning sug‘urta bozoridagi ijobiy imidjini mustahkamlash, yangi mijozlarni jalb qilish maqsadida 2023-yilning 1-oktabridan 2024-yil 1-fevralga qadar “Omadli sug‘urta” nomli aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. 

Jamiyatda tizimni raqamlashtirish borasida ham izchil ishlar olib borildi. Xususan, “Uzagros Online” yagona elektron axborot tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi. Hozirda bu tizim orqali an’anaviy qog‘ozbozlikdan mutloqo voz kechilgan bo‘lib, kompaniya va uning tizimidagi barcha turdagi hujjatlar aylanmasi shu axborot tizimida aks etmoqda. 

Bevosita, sug‘urta faoliyatini amalga oshirish natijasida erishilgan asosiy ko‘rsatkichlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, “O‘zagrosug‘urta” AJning 2023-yilda ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 393 mlrd 152 mln so‘mni tashkil qildi. Shundan 71 mlrd 540 mln so‘m majburiy sug‘urta bo‘yicha mukofotlar, 321 mlrd 611 mln so‘m esa ixtiyoriy sug‘urta turlari bo‘yicha mukofotlarni tashkil qiladi. O‘sish ko‘rsatkichini 2022-yilga solishtiradigan bo‘lsak, 121,6 foiz yoki 69,9 mlrd so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlanganini ko‘rish mumkin. 

Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 180 trln 423 mlrd 68 mln so‘mni tashkil qildi, bu o‘z navbatida 2022-yilga nisbatan 151,5 foizga ko‘p demakdir. 

Shu davr mobaynida Jamiyat mijozlari bilan jami 715 314 dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lib, 650 034 tasini aholi sog‘lig‘i va mol-mulki bilan bog‘liq sug‘urtalar hamda 65 280 tasini boshqa turdagi sug‘urta xizmatlari tashkil qiladi. 

Olingan majburiyatlar doirasida mijozlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 50 mlrd 469 mln so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi. Shundan majburiy sug‘urta bo‘yicha 20 mlrd 434 mln so‘m, ixtiyoriy sug‘urta bo‘yicha esa 30 mlrd 35 mln so‘m tovon puli to‘lab berildi. Bu 2022-yilga nisbatan qariyb 7,2 mlrd so‘m ko‘p mablag‘ demakdir. O‘sish ko‘rsatkichi 116,6 foizni tashkil qildi. 

2024-yilning 1-choragi yakunlari ko‘rsatkichlarida ham samaradorlik ko‘zga tashlandi. Xususan, 1-chorak davomida 55,2 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. Chorak davomida jami 104 774 ta sug‘urta shartnomalari tuzilib, 25,8 trln so‘m sug‘urta javobgarligi olindi. Olib borilgan javobgarliklar doirasida jami 15,3 mlrd so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi.

Jamiyat faoliyati xalqaro reyting agentliklari tomonidan e’tirof etib borilmoqda. Xususan, 2023 yil iyul oyida “Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “O‘zagrosug‘urta” AJning moliyaviy barqarorlik reytingini “BB-” (“Barqaror” prognozi) darajasida tasdiqladi. “United Registrar of Systems” xalqaro sertifikatlashtirish uyushmasi tomonidan “O‘zagrosug‘urta” AJga sifat menejmenti tizimi sertifikati topshirildi. Bu bilan Jamiyat faoliyati ISO 9001:2015 xalqaro standarti talablariga muvofiqligi tasdiqlandi.

Jamiyat xalqaro qayta sug‘urta bozoriga faol kirib borishi natijasida jahonning yirik sug‘urta kompaniyalari va qayta sug‘urtalash brokerlari bilan qayta sug‘urta doirasida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunda Germaniyaning “Hannover Re”, Shveysariyaning “Swiss Re” va “Europa Re” kabi qayta sug‘urta kompaniyalari, shuningdek, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Latviya, Chexiya, Gruziya, Qozoqiston va Hindiston singari davlatlarning “Sonsilium Re”, “New Poin Insurance Brokers”, “TOO Marsh”, “Turker Sigorta ve Reasürans Brokerligi”, “AON”, “ENG Plus” kabi qayta sug‘urta brokerlari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Jamiyatda korrupsiya va qonunbuzilishi holatlarini oldini olish bo‘yicha ham samarali ishlar amalga oshirib borilmoqda. Qabul qilingan 12 dan ortiq ichki idoraviy hujjatlar ijrosi doirasida xodimlar uchun 15 ga yaqin uchrashuv, seminarlar tashkil etildi. Jumladan, Boshqaruv departamentlari rahbarlari va xodimlarning Adliya vazirligi huzuridagi “Yuristlar malakasini oshirish markazi”da qisqa muddatli o‘quv kurslarida bilim va ko‘nikmalari oshirildi.  Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda reyting baholashni mustaqil amalga oshiruvchi Ekspertlar guruhi xulosasiga binoan jamiyat faoliyatidagi korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligi “100” balldan “72” ball ko‘rsatkich bilan baholandi.

Jamiyat Boshqaruvi tomonidan “O‘zagrosug‘urta” AJni 2023–2025-yillarda rivojlanish strategiyasini amalga oshirish to‘g‘risida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, u asosida qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. 

Xususan, Jamiyatning qishloq xo‘jaligiga oid sug‘urta xizmatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga joylashtirildi. Fermer va dehqon xo‘jaliklari yetishtiradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sug‘urtalash ishlari amalga oshirilmoqda. 

“InsuResilience Solutions Fund” fondi, Sug‘urtani rivojlantirish forumi (IDF) a’zolari bo‘lgan Swiss RE va Europa Re qayta sug‘urta kompaniyalari, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan Respublikaning Andijon, Namangan, Farg‘ona va Samarqand viloyatlarida gilos, uzum, o‘rik hosilini iqlimning noqulay ta’siridan sug‘urtalashning pilot loyihasi doirasida sug‘urta mahsulotini ishlab chiqish jarayonlarida ishtirok etib, mazkur sug‘urta mahsuloti, unda qamrab olinadigan xavf-xatarlar, hududlar va sug‘urta tariflari, sug‘urta shartnomasi, sug‘urta polisi, sug‘urta qoidalari, bajarilgan ishlar dalolatmalari, sug‘urta hodisalarini belgilash shakllari va arizalar namunalari ishlab chiqildi. Hududlarda mahalliy hokimiyat, fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirokida o‘quv-seminarlari tashkil etildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2024 yil 21 fevraldagi PF-37-son Farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha Jamiyatining chora-tadbirlari Dasturi ishlab chiqildi. Unda Davlat dasturining Jamiyat faoliyatiga daxldor yo‘nalishlari bo‘yicha 15 ta yo‘nalish ushbu dasturda qamrab olindi hamda uning ijrosi bo‘yicha qator ishlar olib borilmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 1-martdagi “Sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirishning kompleks chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-108-son qarori qabul qilinganligi sug‘urta bozorini yanada rivojlantirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish orqali sug‘urta xizmatlarining ommabopligini va sifatini oshirish, sohani takomillashtirida muhim ahamiyat kasb etadi. Jamiyatimizda mazkur qaror ijrosi yuzasidan chora tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, taqdim etilayotgan sug‘urta polislarini joriy yilning 1-sentabriga qadar bosqichma-bosqich onlayn shaklga o‘tkazish ishlari belgilab olindi. 
Matbuot anjumani yakunida ommaviy axborot vositalari vakillari savollariga javob berildi.