uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta”Da Qishloq Xo‘Jaligi Sug‘Urtasini Rivojlantirish Istiqbollari Muhokama Qilindi

image

“O‘zagrosug‘urta”da qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

 

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi filialida “Qishloq xo‘jaligi korxonalarida sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish yo‘llari” mavzusida seminar tashkil etildi.

Unda videokonferensaloqa orqali Boshqaruvning tegishli departament va boshqarmalar rahbar va mutaxassislari hamda hududiy filiallar mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti dotsenti, iqtisod fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Kuzbergen Kalenov ma’ruza qilib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sug‘urtasining ahamiyati, uni rivojlantirish bosqichlari va kutilayotgan natijalar haqida fikr yuritdi. 

– Qishloq xo‘jaligi mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim strategik soha hisoblanib, ushbu tarmoqda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar va ko‘rsatilayotgan xizmatlar mamlakat yalpi ichki mahsulotining  24,3 (2023-yil) foizdan ortig‘ini tashkil etmoqda. O‘zbekiston iqlim sharoiti keskin o‘zgaruvchan xususiyatga egaligi sababli sohani sug‘urta xizmatlari bilan qamrab olish juda dolzarb hisoblanadi. Mamlakatimizda sug‘urtaning ushbu tarmog‘ini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa yurtimizda har yili yirik suv toshqinlari,  kuchli qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlar natijasida qishloq xo‘jaligiga yetkaziladigan zararlarni qoplash imkoniyatini oshiradi, – dedi K.Kalenov. – Buning uchun AQSH, Kanada va Yevropa Ittifoqining bir qator mamlakatlarining agrar sektorni sug‘urtalashga oid tajribasini tatbiq etishimiz lozim. Ana shunda sohani kutilgan rivojlantirishga erishamiz.

Qayd etish joiz, bu kabi seminarlar orqali hududlarda faoliyat yuritayotgan yetakchi ilmiy-tadqiqotchilar, tajribali olimlarning ilmiy takliflari asosida kompaniya faoliyati va sug‘urta xizmatlari takomillashtirib boriladi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati