uz
  • info@agros.uz
  • 1186

O‘Zbekistonda 9 May - Xotira Va Qadrlash Kuni

image

O‘zbekistonda 9 may - Xotira va qadrlash kuni

Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu gʻoya targʻibiga bagʻishlangan buyuk milliy maʼnaviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targʻib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.

9-mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.

Ming afsuski II jahon urushida Oʻzbekistonimizdan 1 million 433 ming 230 nafar odam ishtirok etdi. 604 ming 52 nafar hamyurtimiz urush maydonlaridan nogiron boʻlib qaytdi, 450 mingdan ortiq vatandoshimiz esa qonli janglarda halok boʻldi.

Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. Oʻtganlarni xotirlash, safimizda yurganlarning esa qadriga yetish maqsadga muvofiqdir.

Shu maqsadda Davlatimiz rahbari joriy yilning 5-may kuni “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarorni qabul qildilar. Unda, yolgʻiz va kam taʼminlangan ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining turar joylarini taʼmirlash hamda obodonlashtirish, ikkinchi jahon urushining har bir qatnashchisi, mehnat fronti faxriylari, mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining oila aʼzolariga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatish hamda ularga biryoʻla toʻlanadigan 18 million soʻm pul mukofotini tantanali ravishda topshirish, tibbiy va ijtimoiy xizmat koʻrsatish, zarur dori vositalarini ajratish, ularni parvarish qilish maqsadida tibbiy xodimlarni (shartnoma asosida) biriktirgan holda, doimiy ravishda patronaj xizmatini tashkil qilish kabi bir qator topshiriq va vazifalar joy olgan.

Davlat tarafidan koʻrsatilayotgan bu gʻamxoʻrliklarning bari mazkur umumxalq bayrami mazmunidagi qadrlash mohiyatining amaliy jihatini yaqqol namoyon etadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Oʻzagrosugʻurta” AJ Siz aziz vatandoshlarimizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Vatanimiz ozodligi, xalqimiz tinchligi yoʻlida halok boʻlgan ajdodlarimiz xotirasiga va bugun hayotimizga fayz bagʻishlab yurgan muhtaram faxriylarimizga hurmat bajo keltirishdan baxtiyor ekanimizni bildiramiz.

Qolaversa, shunday fidoyi, mard va qahramon insonlarning davomchilari ekanimizdan cheksiz gʻurur va iftixor tuyamiz.

Tilagimiz – inson qadri ulugʻ yurtda hamisha qadringiz baland, oʻtganlarimizning esa xotirasi boqiy boʻlsin!

Tinchligimizga koʻz tegmasin!