uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Farg‘Onada Sug‘Urta To‘Lovlari 8 Milliardan Oshadi

image

Farg‘onada sug‘urta to‘lovlari 8 milliardan oshadi

     So‘nggi yillarda mamlakatimizda aholining sug‘urta madaniyatini oshirishga chuqur e’tibor qaratilmoqda. Boisi, har qanday sohada xatarlar bilan hisoblashishga odatlangan jismoniy yoki yuridik shaxslar moliyaviy barqarorligini saqlab qoladi. Ushbu islohotlarning tub mohiyatida aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlash, zararlarni qoplash va iqtisodiy rivojlanishni kafolatlash singari maqsadlarni ko‘zda tutadi.
     Inson hayoti turli kutilmagan hodisalarga to‘la. Shuning uchun, umr — oq-qora ranglardan iborat deyishadi. Biz kelajakni oldindan ko‘rishga ojizmiz. Baxtsiz hodisalar mol-mulkimiz, salomatligimiz yoki tadbirkorlik faoliyatimizga tahdid solishi mumkin. Ko‘ngilsiz voqealardan hech kim himoyalanmagan. Muhimi bunga tayyor turishdir.      Sug‘urta aynan shunday vaziyatda Sizni himoya qiladigan moliyaviy xizmat hisoblanadi. 
    Sug‘urta tashkilotlariga mijozlar ishonchi o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmaydi. Uni qozonish talab etiladi. Sug‘urtalovchiga ishonch esa kompaniyaning to‘lovlari orqali namoyon bo‘ladi. Sodda aytganda, mijozlar sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda ko‘rilgan zarar qoplashnishiga qarab xulosa chiqarishadi. 

 — Qishloq sharoitida oliy ma’lumotli mutaxassislar uchun eng qulay kasb o‘qituvchilik hisoblanadi. Shunga bo‘lsa kerak, oilamizda o‘qituvchilar ko‘p. Sug‘urta xizmatidan, ayniqsa, xatarli kasb egalari foydalanishi shart deb o‘ylayman. Nega desangiz, hamma xavfli kasb egalarining moliyaviy imkoniyati bir xil emas. Bunday paytda, nafaqat, molingiz yoki joningizga yetgan zararni, balki boshqa shaxslar olgan talafotni ham qoplashga qodir bo‘lish zarur. Yaqinda singlim D.Qo‘chqorova bilan    Farg‘ona shahriga o‘qituvchilarni malaka toifasini oshirish bo‘yicha attestatsiya imtihoniga ketayotib yo‘l transport hodisasiga uchradik. Haydovchining majburiy sug‘urtasi tufayli singlim olgan og‘ir tan jarohati xarajati qoplandi. Vaholanki, ko‘ngilsiz hodisa oqibatida javobgar shaxs vafot etganda uchunchi shaxslarga yetkazilgan zararni qoplash so‘roq ostida qolib ketardi. Ammo, barcha sug‘urta tashkilotlari o‘z majburiyatlarini bajarishga birdek yondashmasligi haqida ko‘p eshitganman. “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasiga rahmat, 26 000 000 (yigirma olti million) so‘m sug‘urta tovonini paysalga solmay to‘lab berishdi, deydi Beshariq tumani “Karmak” qishlog‘ida yashovchi Ravshanbek Qo‘chqorov. 
     “O‘zagrosug‘urta” AJ Farg‘ona viloyati filiali tomonidan 2020 yil davomida sal kam 140 ming dona sug‘urta shartnomasi rasmiylashtirildi. Quvonarlisi, ularning aksariyati ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri keladi. 
    — Ko‘pchilik Farg‘ona vodiysida dehqonchilik qilish oson, ayniqsa, suv bilan muommosi bo‘lmaydi, deb o‘ylaydi. Anchadan beri O‘zbekiston tumanida paxta-g‘alla yetishtiraman. O‘tgan yili qurg‘oqchilik tufayli ekinni vaqtida sug‘orolmadik. Demoqchimanki, kam hosillik uchun ayni sabab respublikaning boshqa hududlari singari bizda ham uchraydi. Serquyosh o‘lkada suvsizlik muommosi dehqonning birlamchi tashvishi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Shukurki, fermer xo‘jaligimizni turli moliyaviy yo‘qotishlardan asrash maqsadida “O‘zagrosug‘urta”da polis rasmiylashtirganman. Bu hamkorlik ko‘p yillardan buyon davom etmoqda. Xususan, o‘tgan yili g‘alla kam hosili bo‘yicha 66 million so‘mdan ortiq ko‘rilgan zararni qoplab berdi. Viloyat miqyosida yirik to‘lovlarni shu kompaniya amalga oshiradi. Shuning uchun, doim “O‘zagrosug‘urta”ni tanlayman, deydi “Esaxon Odilov” fermer xo‘jaligi rahbari Abbosxon Shermatov.
     Ta’kidlash joizki, Farg‘ona viloyatida “O‘zagrosug‘urta” AJ filiali tomonidan 2020 yil mobaynida qariyb 8,2 milliard so‘mlik sug‘urta qoplamalari to‘lab berildi. Ushbu to‘lovlar 550 ga yaqin sug‘urta hodisasi bo‘yicha amalga oshirildi. E’tiborlisi, mazkur to‘lovlarning qariyb 90 foizi aholining salomatligi yoki garovga qo‘yilgan mol-mulklari bilan bog‘liq.
    “O‘zagrosug‘urta” AJ Farg‘ona viloyati filiali 2021 yilda aholiga sug‘urta xizmatlari ko‘rsatish borasida keng ko‘lamli ishlar rejalashtirgan bo‘lib, elektron polis rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘yish hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar jozibadorligini yanada yaxshilash kabi ustuvor vazifalar shular jumlasidandir. 
 

“O‘zagrosug‘urta” AJ 
Axborot xizmati