uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Murojaatlar Mazmuni Sug‘Urta Tovonlarini To‘Lab Berish Bilan Bog‘Lik

image

Murojaatlar mazmuni sug‘urta tovonlarini to‘lab berish bilan bog‘lik

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyatiga 2022 yil mobaynida kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish holati va aholi vakillarining sohaga oid dolzarb masalalari yuzasidan axborot berildi.

O‘zbekistonda sug‘urta bozorining yetakchilaridan biri “O‘zagrosug‘urta” AJ iste’molchilar talab va takliflaridan kelib chiqib sug‘urta xizmatlarini taklif etishga, har bir murojaat mazmun-mohiyatini jiddiy tahlil qilish orqali Jamiyat tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga xizmat ko‘rsatishning bosh mezoni sifatida chuqur e’tibor qaratmoqda. 

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2022 yil davomida sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, aholiga qulaylik yaratish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga moslashtirish maqsadida tizimda axborot kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi. Xususan, mijozlar uchun 20 ta sug‘urta turlari bo‘yicha “E-polis” sotib olish imkoniyati yaratildi. Bu onlayn polis savdosi bo‘yicha bozordagi eng yaxshi ko‘rsatkich demakdir.  

Endi bevosita murojaatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2022 yil o‘tgan davrida fuqarolarimizdan jami 4169 ta murojaat kelib tushdi. Ularning qariyb 90 foizi mazmunan sug‘urta qoplamasini to‘lab berish bilan bog‘liq. 

Hisobot davrida “O‘zagrosug‘urta” AJga kelib tushgan murojaatlardan 3321 tasi qanoatlantirildi, 787 tasi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan. Shundan 15 ta murojaat tegishligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana 46 ta murojaat qonun doirasida emasligi sababli ko‘rib chiqish rad etilgan. 

Qayd etish lozimki, o‘tgan yilda kompaniyamiz tomonidan mijozlarga jami 4 400 ta da’vo arizasi bo‘yicha 43.3 mlrd so‘mdan ortiq sug‘urta tavonlari to‘lab berildi. Shuningdek, sug‘urta hodisasi tasdiqlanmaganligi tufayli 97 ta murojaat rad etilgan. 

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2022 yil o‘tgan davri mobaynida sug‘urtalanuvchilarga to‘lab berilgan to‘lovlar asosan quyidagi sug‘urta turlari kesimida amalga oshirildi:
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashda 982 ta murojaat yuzasidan 8 milliard 280 million so‘m;
2. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash sug‘urta turi bo‘yicha jami 86 ta holatda 8 milliard 754 million so‘m;
3. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini ihtiyoriy sug‘urtalash bo‘yicha 42 ta murojaat yuzasidan  2 mlrd 854 million so‘m; 
4. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun ajratilgan kreditlar qaytarilmasligi sug‘urtasi bo‘yicha 386 ta murojaat yuzasidan 4 mlrd 562 million so‘m;
5. Eksport shartnomalarini tijorat va siyosiy risklardan kompleks sug‘urtalash sug‘urta turi bo‘yicha 9 mlrd 215 million so‘m;
6. Shuningdek, 2 903 ta holatda yana 9 mlrd 626 mln so‘mlik sug‘urta qoplamalari boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha mijozlarga to‘lab berilgan.

Aytish kerakki, kompaniyamizga kelib tushayotgan murojaatlar, savollar orasida e’tiborga molik va ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar mavjud. Misol uchun, quyidagi murojaatga to‘xtalib o‘tish joiz. 

Savol: Jizzax viloyati SH.Rashidov tumanida yashayman. O‘tgan yili avtohalokat tufayli sug‘urtaga ishim tushgandi. Moshinamga yetkazilgan zarar 20 million so‘mdan ko‘p edi. Biroq menga sug‘urtachilar transport vositasiga yetkazilgan zararni qoplash uchun 14 million so‘mdan ortiq pul to‘lanmasligini aytishgan edi. Qonunda majburiy avtotransport sug‘urtasi bo‘yicha to‘lanadigan sug‘urta qoplamasining eng ko‘p miqdori 40 million so‘m etib belgilangan. Shundan 14 million so‘mi transport vositasiga va qolgan 26 million so‘m avtohalokatda jabrlangan shaxslarning salomatligini tiklash uchun to‘lanadi, deyilgandi. Yaqinda bir tanishim o‘ziga tegishli yuk mashinasi bilan xuddi shunday holat yuz berdi. Biroq “O‘zagrosug‘urta” unga qariyb 150 million so‘m to‘lab berdi. Iltimos, ushbu holatga oydinlik kiritib o‘tsangiz.

Javob: Hurmatli murojaatchi, so‘rovningiz tezkor o‘rganib chiqildi. Siz aytgan shaxs o‘ziga tegishli Isuzu rusumli transport vositasini Bankdan olingan kredit uchun garovga qo‘yilgan mulk sifatida “O‘zagrosug‘urta” sug‘urta markazida sug‘urtalatgan. Shu sababli naf oluvchining mulkiga yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilgan. Soddaroq aytganda, sug‘urta tovoni Majburiy avtotransport sug‘urtasi (ya’ni TVEFJMS) bo‘yicha emas, balki umuman boshqa sug‘urta turi — garov mol-mulk sug‘urtasi yuzasidan to‘lovlar amalga oshirilganligini ma’lum qilamiz. Majburiy avtotransport sug‘urtasida jabrlanuvchiga ya’ni uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar qoplab beriladigan bo‘lsa, avtotrasnport vositasi garovga qo‘yilgan mulk sifatida ixtiyoriy  sug‘urta qilinagan bo‘lsa, avtomashinaga yetkazilgan zarar to‘liq qoplab berilishi mumkin.

Kompaniya faoliyatiga oid savollar, murojaatlar uchun minnatdorchilik bildiramiz. Umuman “O‘zagrosug‘urta” AJ mijozlarga sifatli sug‘urta xizmatlari taqdim etishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi va unga har doim ustuvorlik bilan qaraydi.  

  • Shuhrat Kobilov,
  • "O‘zagrosug‘urta" AJ Matbuot kobiti