uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj Boshqaruvi Raisining Tizimdagi Xodimlarga Murojaati

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisining tizimdagi xodimlarga MUROJAATI

Hurmatli hamkasblar va hamkorlar!

Korrupsiyaga qarshi kurashish O‘zbekistonda davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Buni so‘nggi yillarda sohaga oid qabul qilingan kontseptual ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ko‘rishimiz mumkin.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Parlamentga qilgan murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a’zolari, ta’bir joiz bo‘lsa, “halollik vaktsinasi” bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga o‘tishimiz kerak” – deya alohida ta’kidlagani ham ushbu illatning davlatchiligimizga naqadar xavfli ekanligini ko‘rsatadi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ korrupsion harakatlarning har qanday shakl va ko‘rinishlarini rad etadi, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan keskin murosasizlik shakllanishini ta’minlaydi. “O‘zagrosug‘urta” AJ korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ichki me’yoriy hujjatlar va tartib-qoidalar, jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Odob-axloq kodeksi, manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish bo‘yicha nizom va boshqa me’yoriy hujjatlarni qabul qildi.

Shuningdek, Jamiyatda Komplaens nazorat departamenti tashkil etildi. Komplaens nazorat departamentining asosiy vazifasi tizimda korrupsiya holatlarining yuzaga kelish sabablari va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini ishlab chiqish, ishchi-xodimlar o‘rtasida tushuntirish ishlarini olib borish, korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan hollarda maslahat berish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘lib va ushbu vazifalarning izchil amalga oshirilishini ta’minlash borasida O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda “O‘zagrosug‘urta” AJ o‘rtasida Memorandum imzolanab samarali hamkorlik qilinib kelinmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini baholab borish uchun jamoatchilik fikrini ijtimoiy so‘rovlar orqali o‘rganib borilmoqda. Shuningdek, “O‘zagrosug‘urta”AJ va hududiy filliallarida korrupsiya xavf-xatarlarini minimallashtirishga qaratish bo‘yicha, raqamli texnologiyalar imkoniyatidan keng foydalangan holda, 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida 20 ta sug‘urta turini onlayn tarzda rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi. 2023-yil yakuniga qadar majburiy sug‘urtaning barcha turlarini hamda jismoniy va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan barcha ommaviy sug‘urta xizmatlarini elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan.

“O‘zagrosug‘urta” AJ korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan talab va axloqiy me’yorlarga asoslangan vazifalar va boshqaruv qarorlarining to‘g‘ri bajarilishini kafolatlaydi.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz, hamkorlarimiz va yurtdoshlarimizni ish yuritish standartlariga, korrupsiyaga qarshi tamoyillarga og‘ishmay rioya qilishga, har qanday ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berishga yana bir bor chorlaymiz.

“O‘zagrosug‘urta” AJ korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy me’yorlarni hisobga olgan holda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni vijdonan bajaradi, qonun hujjatlariga qat’iy rioya qiladi, mamlakatdagi sug‘urta bozorida sog‘lom raqobat tamoyillariga amal qiladi, halollik, ochiqlik va vijdonlilik madaniyatini shakllantirishga barcha salohiyatini safarbar etadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish – barchamizning kundalik dolzarb vazifamizga aylanmog‘i zarur. Bu sa’y-harakatlarni amalga oshirishda hamkasblar va hamkorlarni hamjihatlikka chaqiraman.

Hurmat bilan,
“O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvi raisi