uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj: Sohani Raqamlashtirish Bo‘Yicha Ishlar Ko‘Lami Kengaymoqda

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ: sohani raqamlashtirish bo‘yicha ishlar ko‘lami kengaymoqda

    Bugungi kunda yurtimizda sugʻurta sohasini raqamlashtirish, koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari qulayligini taʼminlash hamda tizimga axborot texnologiyalarini faol joriy qilish borasida qator islohotlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimiz Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining sugʻurta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sugʻurta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish maqsadida “O‘zagrosug‘urta”AJ tomonidan qator loyihalar amalga oshirilmoqda. 

    Xususan, 2022-yilning o‘tgan davri mobaynida 18 ta sugʻurta turlarini onlayn tarzda rasmiylashtirish imkoniyati yaratildi, yil yakunigacha 20 taga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar jismoniy va yuridik shaxslarga koʻrsatiladigan barcha ommaviy sugʻurta xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish rejalashtirilgan

    Taʼkidlash joiz, elektron va qogʻoz shaklidagi polis yuridik jihatdan bir xil kuchga ega. “E-polis”ni sotib olish uchun internetga ulangan kompyuter, noutbuk, smartfon yoki boshqa qurilmaga ega boʻlishning oʻzi kifoya. “E-polis”ning afzalliklari shundan iboratki, bunda vaqt va mablagʻ iqtisod qilinadi, hujjatni, yaʼni polisni yoʻqotib qoʻyish xavotirli emas va nihoyat “E-polis”ni rasmiylashtirishda firibgarlik qurboni boʻlish ehtimoli deyarli yoʻq. 

    Milliy sugʻurta bozorining jadal rivojlanishini taʼminlash, isteʼmolchilarning sugʻurta bozoriga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida 2021-yilning 23-oktabrida Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Qaror ham shular jumlasidandir. Mazkur hujjatga koʻra, 2022-yil 1-iyuldan boshlab sugʻurtaning barcha turlari (klasslari)ni elektron shaklda amalga oshirishga ruxsat berildi. Shuningdek, 2023-yil 1-yanvardan boshlab majburiy sugʻurtaning barcha turlari boʻyicha sugʻurta polislarini qogʻoz blankalarda rasmiylashtirish amaliyoti bekor qilinishi beligilangan

    Hozirda “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi tomonidan zamonaviy toʻlov tizimlaridan foydalangan holda masofadan turib yaʼni, onlayn tarzda sugʻurta polislarini xarid qilish imkoniyatlari kengaytirilib borilmoqda. Bunda albatta, zamonaviy elektron toʻlov tizimlari bilan integratsiyalarni amalga oshirishga eʼtibor qaratilgan. Ayni paytdagi 18 ta sugʻurta turlari boʻyicha polislarlarni xarid qilishda “Payme”, “Apelsin” va shu kabi boshqa elektron tizimlar orqali toʻlovlarni amaga oshirish mumkin. Tez kunda yana to‘rtta sug‘urta turi bo‘yicha onlayn polislar sotuvini yo‘l qo‘yish rejalashtirilgan. Jarayon esa soddalashtirilgan. Masalan, mijoz sugʻurta mahsulotini xarid qilishda oʻzi haqida minimal maʼlumotlar kiritishi lozim. Tizimda u haqidagi maʼlumotlar avtomatik ravishda batafsil shakllanadi.
    “O‘zagrosug‘urta” AJ “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyiliga sodiq qolgan holda aholiga qulay sugʻurta xizmatlari koʻrsatishda davom etadi.

    Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning 22-dekabr sanasiga qadar e-polis xarid qilgan mijozlar kompaniyaning “Manfaatli” aksiyasi ishtirokchisiga aylanadi. Aksiyasida televizor, noutbuk, planshet singari 30 dan ortiq qimmatbaho sovgʻalar hamda 3 dona chet elda dam olish uchun ikki kishilik chiptalar oʻynaladi. G‘oliblar Jamiyatning ijtimoiy tarmoqdagi obunachilari, sugʻurta agentlari va elektron polis rasmiylashtirgan mijozlari orasidan tasodifiy tanlash shaklida aniqlanadi. 

    Batafsil ma’lumotni kompaniyaning www.agros.uz rasmiy veb-sayti yoki 1186-qisqa raqamidan olish mumkin.

Axborot xizmati