uz
  • info@agros.uz
  • 1186
image

Ona tilim, faxrim!

    “O‘zagrosug‘urta” AJ xodimlari Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida ulug‘ bobokalonimizga ehtirom ko‘rsatish, uning asrlar osha butun bashariyatni hayratga solib kelayotgan boy ma’naviy merosi, shuningdek Ona tilimiz rivojiga qo‘shgan ulkan hissasini yod etib, buyuk mutafakkir haykali poyiga gulchanbar qo‘yildi.

    Davlat tili bayrami munosabati bilan tashkil etilgan marosimda so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy ijodi yuzasidan ma’rifiy mushohada bo‘lib o‘tdi. Uning turkiy tilda yozilgan shoh asarlari tufayli, o‘zbek tilining nufuzi bugungi kunga qadar saqlanib qolganligi alohida e’tirof etildi. 

    Ma’lumotlarga ko‘ra, sayyoramizda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich dunyodagi yirik tillardan biri ekanini namoyon qiladi. Bugun o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotda keng qo‘llanilib, uni o‘rganish va tadqiq etishga bo‘lgan qiziqish nafaqat yurtimizda balki xorijiy mamlakatlarda ham kuchayib bormoqda.

   

    Ta’kidlash joiz, xalqimiz orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning 1989-yil 21 oktyabrda qabul qilinishi mustaqillik va mamlakat severeniteti sari qo‘yilgan dastlabki, shu bilan birga jasoratli qadam edi. Ushbu tarixiy hujjat tufayli o‘zbek tili yuksak maqomga ega bo‘ldi.  

    Oradan o‘ttiz yil o‘tib o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat imzolandi. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni imzolandi. Mazkur hujjat bilan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi.

      Hozirgi globallashuv har qanday xalq va davlatni o‘zining milliy madaniyati, qadriyatlari, an’analarini va ayniqsa, tilini asrab-avaylash hamda rivojlantirib borishni taqozo etmoqda. Shunday ekan, o‘zbek tilining obro‘-e’tiborini oshirish, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini ta’minlash har bir millatdoshimizning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim.

    Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.

“Oʻzagrosugʻurta” AJ Boshqaruvi raisining
maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish,
davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga
rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi