uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“O‘Zagrosug‘Urta” Aj Tomonidan Yosh Mutaxassislarni Tanlash Dasturi

image

“O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan Yosh mutaxassislarni tanlash DASTURI

“O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati (keyingi o‘rinlarda – Jamiyat) tomonidan “Yosh mutaxassislarni tanlash” dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) oliy ta’lim muassasalarining (keyingi o‘rinlarda – OTM) bitiruvchi kursida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlarni saralab olish, ularning stajirovkasini tashkil etish va keyinchalik zaxiraga kiritish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni nazarda tutadi.

Dastur maqsadi – Jamiyatga eng munosib kadrlarni tanlash va istiqbolli kadrlarni tayyorlashni tizimli yo‘lga qo‘yish hamda OTM bitiruvchilarini tizimga jalb qilish samaradorligini oshirishdan iborat.

Dastur vazifalari:

oliy ta’lim muassasalari hamda davlat xizmati o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish;

eng salohiyatli va bilimli bitiruvchilarni selektsiya qilish;

nomzodlarni Jamiyat Boshqaruvi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar filiallariga stajirovka o‘tash uchun yo‘naltirish hamda “Ustoz – shogird” an’anasi asosida tajribali ustoz-mentorlarga biriktirish;

stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilarni tanlov (suhbat) asosida ishga qabul qilish.

 

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Ushbu Dasturda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

oliy ta’lim muassasasi – bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori malakali kadrlar tayyorlanishini ta’minlovchi davlat ta’lim muassasasi;

bitiruvchi – OTM kunduzgi shaklining bakalavriat bosqichi bitiruv kurs talabalari;

davlat organlarida stajirovka o‘tash – yosh mutaxassislarni tayyorlash, kasbiy faoliyat mas’uliyatini his etish va tajribali mutaxassislarning ish faoliyatini o‘rganish orqali OTMda olgan nazariy bilimlarini amaliy mustahkamlash jarayoni;

malaka talablari – ma’lum bir lavozimiga stajyor bo‘lish uchun nomzodlarga nisbatan Jamiyat tomonidan belgilanadigan tegishli ma’lumot, shuningdek bilim va kasbiy kompetentsiyasiga qo‘yilgan talablar;

stajirovka rahbariJamiyat tizimidagi stajirovka jarayonini muvofiqlashtirish mas’uliyati yuklangan rahbar xodimi;

ustoz-mentor – stajirovka o‘tayotgan bitiruvchilarga davlat xizmatidagi faoliyatida “Ustoz-shogird” an’anasi asosida zarur tashkiliy ko‘rsatmalar beruvchi, ularni texnik xavfsizlik qoidalari bilan tanishtiruvchi, amaliy ko‘nikma va malakalarni o‘rgatuvchi, stajirovka davrida talaba egallagan ko‘nikmalarni baholash yuklangan tajribali davlat fuqarolik xizmatchisi;

shaxsiy rivojlanish rejasibitiruvchining davlat organlarida stajirovkasi davomida o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan bilim va ko‘nikmalar muddatlar kesimida aks ettiriladigan hujjat;

kadrlar zaxirasi – Jamiyat tizimidagi lavozimlarni salohiyatli, yosh kadrlar bilan to‘ldirilishini ta’minlaydigan, yuqori malakali mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi.

 

2-bob. Tanlov o‘tkazish tartibi

  1. “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” 1-ilovadagi dasturni amalga oshirish sxemasi bo‘yicha tegishli bosqichlarda va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi.
  2. Jamiyatning rasmiy sahifalarida “Yosh mutaxassislarni tanlash dasturi” bo‘yicha stajirovka tanlovi haqida e’lon beriladi va targ‘ibot tashviqot ishlari amalga oshiriladi.
  3. Nomzodlardan stajirovka tanlovida ishtirok etish uchun arizalar onlayn shaklda (telegram bot orqali) qabul qilinadi.
  4. Texnik talablarga muvofiq ariza egalariga saralash bosqichida ishtirok etishga yo‘llanma yuboriladi.
  5. Nomzodlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, davlat fuqarolik xizmati va korruptsiyaga qarshi kurash to‘g‘risidagi qonunchilik, davlat tili, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilim darajasini aniqlash uchun tegishli davlat organlari tomonidan tashkil etiladigan maxsus test sinovidan o‘tadilar.
  6. Test sinovlari bazasi Yoshlar ishlari agentligi buyurtmasiga binoan ushbu tashkilot mablag‘lari hisobidan Yoshlar muammolarini o‘rganish
    va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan ishlab chiqiladi.
  7. Test bosqichi davlat organi bilan hamkorlik qilayotgan OTMlarning maxsus kompьyuter xonalarida o‘tkaziladi. Tanlov jarayonlari Yoshlar ishlari agentligi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
  8. Test bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar (71 foizdan yuqori) tegishli davlat organlarida tuzilgan maxsus komissiya tomonidan suhbatdan o‘tkaziladi.
  9. Nomzodlar ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq jadval bo‘yicha baholanadi. Baholash natijalariga ko‘ra, sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarni stajirovkaga qabul qilish haqida Jamiyat Boshqaruvi raisining buyrug‘i chiqariladi.
  10. Stajirovka jarayonini namunali yakunlagan yosh mutaxassislar stajirovka o‘tagan Jamiyatning tuzilmaviy bo‘linmalari kadrlar zaxirasiga kiritiladi.

 

3-bob. Stajirovkani tashkil etish qoidalari

  1. Stajirovka tanlovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan bitiruvchi bilan 3-ilovaga muvofiq tuziladigan stajirovka shartnomasi asosida tashkil qilinadi.
  2. Mazur shartnomada stajirovkani tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha shartnoma predmeti, taraflarning huquq va majburiyatlari, qabul Jamiyatning ish faoliyati xususiyatlaridan kelib chiqqan holda stajirovkani o‘tash tartibi, shartnomaning amal qilish muddati va bekor qilish asoslari, shuningdek, taraflarning javobgarligiga oid normalar nazarda tutiladi.
  3. Stajirovka uch oydan kam bo‘lmagan hamda bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatda amalga oshirilishi lozim.
  4. Jamiyat tizimidagi stajirovkani tashkil etishning zarur tashkiliy-huquqiy choralarini ko‘radi. Xususan:

sinov jarayonlarini adolatli va shaffof tarzda tashkil etadi;

malakali va tajribali mutaxassislar orasidan stajyor bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan stajirovka rahbari va ustoz-mentorni tayinlaydi;

bitiruvchilarni stajirovka davrida o‘z xodimi sifatida faoliyat olib borishi uchun Jamiyat Boshqaruvi raisining buyrug‘ini chiqaradi;

stajirovka dasturiga muvofiq bitiruvchilarga joriy qilinadigan shart-sharoitlar (shaxsiy himoya, moddiy-texnika vositalari boshqalar)ni yaratadi;

stajyorlarga mavjud adabiyotlar, texnik va boshqa hujjatlardan foydalanish imkoniyatlarini beradi;

Jamiyatning ichki mehnat intizomini buzgan stajyor bilan tuzilgan stajirovka shartnomasini belgilangan tartibda bekor qiladi;

bitiruvchi stajirovkani o‘tash davrida Jamiyat tizimida baxtsiz hodisaga uchragan holatlar bo‘yicha javobgarlik masalalarini qonunchilik hujjatlari asosida ko‘rib chiqadi;

  1. Jamiyat tizimidagi stajirovka rahbari tizimda stajirovka o‘tayotgan barcha bitiruvchilarga rahbarlik qiladi. Uning vazifalari:

Jamiyat Boshqaruvining tuzilmaviy bo‘linmalari va hududiy filiallari bo‘yicha talabalarni taqsimlaydi, ob’ektning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari va o‘ziga xos xususiyatlari bilan tanishtiradi;

stajyor bilan stajirovka o‘tash shartnomasini imzolaydi;

stajyorlar bilan Jamiyat Boshqaruv raisi va yetakchi xodimlarning uchrashuvini tashkil etadi.

  1. Ustoz-mentor sifatida Jamiyat tizimida kamida uch yillik tajribaga ega, mehnat jamoasida obro‘-e’tiborli xodim “Ustoz – shogird” an’anasi asosida ko‘pi bilan ikki nafar bitiruvchiga biriktirilishi mumkin. Uning vazifalari:

stajyorlarga ish faoliyati va texnika xavfsizligi bo‘yicha tushuntirish, shuningdek Jamiyatning ichki tartib qoidalari va ish rejimining xususiyatlari bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi;

stajirovka dasturiga taalluqli materiallardan foydalanish tartib-qoidalarini o‘rgatadi;

stajyor ish kunining belgilangan davomiyligiga va stajerning shaxsiy ish rejasiga rioya etilishini nazorat qiladi;

  1. Stajyorning Jamiyatda stajirovka o‘tashda:

stajirovka bo‘yicha uslubiy va ko‘rsatma materiallar bilan tanishishi;

stajirovka shartnomasi bilan yuklatilgan huquq va majburiyatlarni amalga oshirish;

stajyorning shaxsiy ish-rejasida nazarda tutilgan barcha topshiriqlarni belgilangan muddatlarda, to‘liq hajmda va sifatli bajarishi;

stajirovka o‘tash to‘g‘risidagi hisobotni taqdim qilishi;

faoliyatida foydalanishi mumkin bo‘lgan materiallar to‘plamini shakllantirishi;

Jamiyatning ichki mehnat tartib qoidalari va xodimlari faoliyatining tartibini belgilovchi hujjatlarga rioya qilishi shart.

 

4-bob. Stajirovkani o‘tash tartibi

  1. Stajirovka uch bosqichga bo‘linadi:

tayyorlov;

asosiy;

hisobotlarni topshirish va baholash.

20. Stajirovka tayyorlov bosqichining birinchi kunida Jamiyat tizimidagi stajirovka rahbari tomonidan yig‘ilish o‘tkaziladi. Yig‘ilishda talabalar stajirovkani o‘tash dasturi bilan tanishadilar, uning maqsad va vazifalariga taalluqli ko‘rsatmalar, stajirovkani o‘tash va 4-ilovadagi hisobot shaklini to‘ldirish tartibi haqida xabardor qilinadilar.

21. Stajirovka o‘tashning boshida talabalar Jamiyatning tuzilishi, faoliyat yo‘nalishlari, o‘ziga xosligi bilan tanishadilar hamda stajirovka rahbari va biriktirilgan ustoz-mentor bilan birgalikda stajirovkani o‘tash dasturini bajarish bo‘yicha 5-ilovaga muvofiq, shaxsiy ish reja jadvalini tuzadilar.

22. Stajirovkaning asosiy bosqichida bitiruvchi bevosita stajirovkani o‘tash dasturini bajarish bo‘yicha Shaxsiy ish rejada ko‘rsatib o‘tilgan ishlarni bajaradi.

23. Stajirovka yakunlari bo‘yicha hisobotni topshirish so‘nggi bosqich hisoblanadi. Belgilangan tartibdagi hisobot-taqdimot stajirovka rahbari, ustoz-mentor va Yoshlar ishlari agentligi vakili tomonidan baholanib tasdiqlanadi.

24. Stajirovkani muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar “O‘zagrosug‘urta” AJ hamda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan 5-ilova asosida tasdiqlangan sertifikat bilan taqdirlanadi. Mazkur sertifikat asosida bitiruvchilarni davlat xizmatiga ishga qabul qilishda imtiyoz nazarda tutiladi.

 

6-bob. Davlat xizmatiga ishga qabul qilish

25. Jamiyat tomonidan amalda vakant shtat birliklarining o‘n foizdan kam bo‘lmagan miqdorida yosh mutaxassislar uchun lavozimlar ro‘yxatini shakllantiradi.

26. Ro‘yxatdagi lavozimlar uchun bitiruvchilarga alohida malaka talablari ishlab chiqiladi.

27. Dastur asosida Stajirovkani muvaffaqiyatli tamomlagan, sertifikatga ega bitiruvchilar Jamiyat tizimidagi maxsus komissiya tomonidan o‘tkaziladigan suhbat asosida ishga qabul qilinadi.

28. Dastur bo‘yicha stajirovka o‘tayotgan bitiruvchilarga tegishli Jamiyat tomonidan bazaviy hisoblash stavkaning bir barobaridan uch barobarigacha miqdorda stipendiyalar beriladi.

 

7-bob. Yakuniy qoida

29. Mazkur Dastur bo‘yicha yuzaga keladigan nizolar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.