uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Murojaatlar Tahlili Sug‘Urta Xizmatlariga Qiziqish Ortganini Ko‘Rsatmoqda

image

Murojaatlar tahlili sug‘urta xizmatlariga qiziqish ortganini ko‘rsatmoqda

    Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyatiga 2022 yil o‘tgan 9 oyi mobaynida kelib tushgan murojaatlar, ularni o‘z vaqtida ko‘rib chiqish holati va ilgari surilgan masalalarni hal etish yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi.

    Davlatimiz rahbarining “Inson qadri uchun” g‘oyasiga hamohang ravishda “O‘zagrosug‘urta” AJ 2022 yilning o‘tgan 9 oyi davomida sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, o‘z faoliyatini mahallabay ishlash, aholi vakillari bilan muloqot tizimini yanada takomillashtirish maqsadida sayyor qabullar o‘tkazishga e’tibor qaratdi. Xususan, Boshqaruv rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo, Sirdaryo, Jizzax, Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida aholi vakillari uchun sayyor qabullar o‘tkazildi. Bundan tashqari, kompaniyamiz xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini ham o‘rganmoqda. 

    Kompaniyaga 2022 yil davomida fuqarolardan jami 2 732 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, ularning qariyb 90 foizi mazmunan sug‘urta qoplamasini to‘lab berish bilan bog‘liqligini aytish joiz. 

 Hisobot davrida “O‘zagrosug‘urta” AJga kelib tushgan murojaatlardan 2 309 tasi qanoatlantirildi, 294 tasi yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan. Shundan 11 ta murojaat tegishligi bo‘yicha boshqa tashkilotlarga yo‘naltirilgan bo‘lsa, yana 46 ta murojaat qonun doirasida emasligi sababli ko‘rib chiqish rad etilgan. Hozirgi kunda 72 ta murojaatni o‘rganish jarayoni davom etmoqda.

    Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida kompaniyamiz tomonidan mijozlarga jami 3 444 ta da’vo arizasi bo‘yicha 31 mlrd so‘mdan ortiq sug‘urta tavonlari to‘lab berildi. Shuningdek, sug‘urta hodisasi tasdiqlanmaganligi tufayli 47 ta murojaat rad etilgan. 

    “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2022 o‘tgan davri mobaynida sug‘urtalanuvchilarga to‘lab berilgan to‘lovlar asosan quyidagi sug‘urta turlari kesimida amalga oshirildi:
1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashda 765 ta murojaat yuzasidan 6 milliard 438 million so‘m;
2. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash sug‘urta turi bo‘yicha jami 58 ta holatda 5 milliard 322 million so‘m;
3. Qishloq xo‘jaligi ekinlari hosilini ihtiyoriy sug‘urtalash bo‘yicha 17 ta murojaat yuzasidan sal kam 4 mlrd 569 million so‘m; 
4. Shuningdek, 2 604 ta holat yuzasidan 14 mlrd 692 mln so‘mlik sug‘urta qoplamalari boshqa sug‘urta turlari bo‘yicha mijozlarga to‘lab berildi.

    Aytish kerakki, kompaniyamizga kelib tushayotgan murojaatlar, savollar orasida e’tiborga molik va ko‘pchilikni qiziqtirgan masalalar mavjud. Fursatdan foydalanib, quyidagi murojaatga to‘xtalib o‘tmoqchimiz. 
Savol: Xorazm viloyati Xiva tumanidanman. “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida kredit hisobiga sotib olingan qoramol nobud bo‘ldi. Sug‘urta tashkiloti zararni qoplab bermaganligi tufayli, bank mutasaddilari meni sudga berishdi. Iltimos, ushbu holatga oydinlik kiritib o‘tsangiz.
Javob: Hurmatli murojaatchi, har bir sug‘urta tashkiloti sug‘urta polisi doirasida o‘ziga olgan javobgarligini bajaradi. Ushbu holatda bank mutasaddilari tomonidan kreditni so‘ndirish chorasi sifatida Sizni sudga berishi mumkin. Chunki sug‘urta hodisa bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishda sudning qarori asos qilib olinadi. Sodda tilda aytganda, bankdan olingan kreditni qaytarishga imkoniyatingiz mavjud emasligi sudda tasdiqlansa, ushbu sud qaroriga muvofiq Sizning kredit qarzdorligingiz sug‘urta tashkiloti tomonidan qoplab beriladi. Sug‘urta shartnomasida nazarda tutilmagan holatlar bundan mustasno, albatta. 

    Kompaniya faoliyatiga oid savollar, murojaatlar uchun minnatdorchilik bildiramiz. Umuman “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, mijozlarga sifatli sug‘urta xizmatlari taqdim etishni o‘zining asosiy vazifasi deb biladi va unga har doim ustuvorlik bilan qaraydi.

Axborot xizmati