uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Sayyor Qabul: Murojaatlar Joyida Hal Etilmoqda

image

Sayyor qabul: Murojaatlar joyida hal etilmoqda

    “O‘zagrosug’urta” AJ tizimida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek aholi vakillari bilan aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida respublikamiz bo‘ylab sayyor qabullar tashkil etilmoqda. Navbatdagi qabul Boshqaruv raisi o‘rinbosari ishtirokida Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida o‘tkazilib, unda fuqarolar hamda tadbirkorlar tomonidan ko‘tarilgan muammo va takliflar ko‘rib chiqildi. 

    Dastlab Sirdaryo viloyatida yig’ilgan 50 nafardan ortiq aholi vakillariga sug’urta sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar, ularning afzallik jihatlari hamda sug’urta qoplamasini undirish tartibi to‘g’risida batafasil tushuntirishlar berildi. Shundan so‘ng murojaatchilarni qiynayotgan muammolari bilan o‘rtoqlashildi. Xususan,

    —    Murodbek Pirimqulov, Ish beruvchimiz tomonidan “Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini sug’urta qilish” bo‘yicha Boyovut tumani sug’urta markazida sug’urtalanganman. Bultur yo‘l yoqasida tozalash ishlarini bajarish vaqtida yo‘l transport hodisasi natijasida tan jarohati olgandim. “O‘zagrosug’urta” tomonidan menga 27 217 800 so‘mlik sug’urta tovoni to‘lab berildi. Bugun oyma-oy to‘lovni muddatidan oldin 1 600 000 so‘m tovon puli berishlarini so‘rab keldim. Ushbu murojaatim bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi. Sizlarga kattakon rahmat — deydi. 

    Sayyor qabul davomida jismoniy va yuridik shaxslarning jami 8 ta murojaat hamda takliflari yuzasidan muhokama o‘tkazilib, barcha masalalarga joyida yechim topildi.

    Jizzax viloyatida ham sayyor qabul o‘tkazildi. Unda 60 nafardan ortiq murojaatchi, tabbirkor va kuzatuvchilar qatnashdi. Ilgari surilgan masalalar ichida ijtimoiy ahamiyotga molik, o‘z yechimini kutayotgan murojaatlar mavjudligi alohida e’tirof etildi. 
—    Barcha savollarga aniq, sodda va tushunarli tilda javob qaytarildi. Kimdir baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug’urtasining tibbiy sug’urtadan farqi, boshqa birov ish beruvchining majburiy sug’urtasi bo‘yicha savol yo‘lladi. Murojaatim mazmuni shuki, SH. Rashidov sug’urta markazi tomonidan haqiqiy zarar miqdori sal kam 46 million so‘m bo‘lsa-da, menga atigi 14 million so‘m to‘lab berilgan. Sayyor qabul vaqtida ushbu savollarimga to‘liq oydinlik kiritildi,— deydi fuqaro Akbar Ergashev.

    Sayyor qabul yakunida ishtirokchilar sug’urta sohasiga oid o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga, xususan tadbirkorlik faoliyatida sug’urtaviy hamkorlikning afzal jihatlari haqida zarur ma’lumotlar bilan tanishtirildi.

Axborot xizmati