uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Milliy O‘Zligimizning Bosh Mеzoni

image

Milliy o‘zligimizning bosh mеzoni

    Har bir xalq o‘zi yaratayotgan moddiy ne’matlar bilan faxrlanishga haqli. Ammo tabiatda shunday boylik borki, unga ega bo‘lmasdan, avaylab-asramasdan, rivojlantirmasdan turib kamolotga erishib bo‘lmaydi. U ham bo‘lsa, millatga berilgan ulug‘ ne’mat – tildir. Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy yozganidek: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
    Ajdodlarimizning milliy o‘zligimizning bosh mezoni hisobalangan tilga bo‘lgan bu darajadagi kuyunchakligini o‘sha davrdagi siyosiy-ijtimoiy talatoplar taqazosi sifatida qarashimiz tabiiy. Ammo ular bildirgan xavotirlar har qaysi davr uchun ham dolzarbdir. 
    Ta’kidlash joiz, xalqimiz orzu qilib, intilib va kurashib kelgan davlat tili haqidagi qonunning 1989-yil 21 oktyabrda qabul qilinishi mustaqillik va mamlakat severeniteti sari qo‘yilgan dastlabki, shu bilan birga jasoratli qadam edi. Ushbu tarixiy hujjat tufayli o‘zbek tili yuksak maqomga ega bo‘ldi.  
    Oradan o‘ttiz yil o‘tib o‘zbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishga qaratilgan yana bir muhim hujjat imzolandi. Prezidentimizning 2019-yil 21-oktyabr kuni “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni imzolandi. Mazkur hujjat bilan 21-oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” sifatida keng nishonlanadigan bo‘ldi. 
    Kuni kecha esa Vazirlar Mahkamasining Ma’naviyat va tilni rivojlantirish masalalari depatlamenti qator mutasaddi idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim”! respublika tanlovini e’lon qildi. Uchinchi marta tashkillashtirilayotgan tanlovdan maqsad o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirish, davlat tilini milliy qadriyat sifatida targ‘ib qilish. Unga nisbatan milliy g‘urur hissini tarbiyalash, eeng muhimi, davlat tiliga oid muammolarni hal qilishda ilmiy-amaliy yondashuvni rivojlantirishdan iborat.  
Tilga bo‘lgan hurmat, unga berilayotgan e’tibor faqat hujjatlaru-qog‘ozlarda emas balki amalda ko‘zga tashlana boshladi. O‘zbek tili jahoning yuksak minbarlaridan yangradi.  O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020-yil 23-sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi chiqishida mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk marta davlat tili – o‘zbek tilida nutq so‘zladi.
    O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Hozirda yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha millat va elatlarning madaniyati va urf-odatlarini, xususan, ularning ona tillarini rivojlantirish uchun ham zarur sharoitlar yaratilmoqda. 
    Turli hududlarda tashkil etilgan 140 ga yaqin milliy madaniyat markazlari ana shu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Ko‘plab ta’lim-tarbiya maskanlari, ommaviy axborot vositalari o‘zbek tili bilan birga, qoraqalpoq, rus, qozoq, qirg‘iz, tojik, turkman tillarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Davlatimiz barcha millatlarning tili va madaniyatini rivojlantirishga zarur sharoitlarni yaratgan.
    Ma’lumotlarda ta’kidlaganishicha, yer yuzida 5621 ta til va sheva mavjud. Hozirgacha ulardan 500 tasigina o‘rganilgan xolos. Har uch tildan bittasining yozuvi bo‘lmay, faqat og‘zaki nutq shakliga ega. 
Dunyoda og‘zaki nutq shaklidagi tillardan tashqari imo-ishoralar tili ham bor. Masalan, yaqinda Janubiy Afrika Respublikasida mamlakat parlamenti konstitutsiyaga kiritgan o‘zgartishlarni tasdiqladi, unga ko‘ra, janubiy afrikaliklarning imo-ishoralar tili davlat tili maqomiga ega bo‘ldi. 
    Ayni paytda sayyoramizda o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biri ekanini namoyon qiladi. Bugun o‘zbek tili siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotda keng qo‘llanilib, uni o‘rganish va tadqiq etishga bo‘lgan qiziqish nafaqat yurtimizda balki xorijiy mamlakatlarda ham kuchayib bormoqda. 
    Ammo tan olib aytish lozim, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham bor. Tilimiz bilan bog‘liq ayrim masalalarda qaysi qoidalarga tayanish kerakligi yuzasidan bir to‘xtam yo‘q. Albatta, bu jarayonda Mahmud Qoshg‘ariy, Yusuf Xos Hojib, Axmad Yugnakiy kabi buyuk ajdodlarimizdan qolgan boy ma’naviy merosga murojaat qilish o‘rinli.
    Xususan, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit-turk” asari turkiy xalqlarning tilshunosligiga hamda madaniyatiga ulkan hissa qo‘shdi. U har bir turkiy qabila tiliga xos bo‘lgan dialektal xususiyatlarni aniqladi. Qoshg‘ariy turklar, turkmanlar, o‘ruzlar, chigillar, yag‘molar, qirg‘izlarning shaharlari, qishloq va yaylovlarini kezib lug‘atlarini to‘pladi. Turli xil so‘z xususiyatlarini aniqladi va tartibga soldi. Asarda 6 mingdan ortiq turkiy so‘zlarga atroflicha izoh berilgan bo‘lib, bu juda katta qamrovdir.
    O‘zbek adabiy tilining shakllanish davrini ko‘rsatuvchi asarlar sirasiga Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” asarini kiritish mumkin. Podsho Kuntug‘di, dono vazir Oyto‘ldi, Oyto‘ldining o‘g‘li O‘gdilmish o‘rtasidagi suhbatdan iborat asar she’riy pandnoma bo‘lib, XI-asr qabila tillarini birlashtirishga va u tilni rivojlantirishga katta hissa bo‘lib qo‘shildi. Shuning uchun bu asar tilida o‘zbek, uyg‘ur, qirg‘iz kabi turkiy tillarga xos bo‘lgan xususiyatlar o‘z aksini topgan. 
    “Hibatul haqoyiq”. Ulug‘ adib Ahmad Yugnakiyning  mazkur asari badiiy so‘z san’ati va o‘zbek adabiy tilining juda qimmatli yodgorligidir. Turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili tarixini ilmiy ravishda chuqur o‘rganishda “Hibatul haqoyiq” asari eng muhim manbalardan biri hisoblanadi. 
Bir so‘z bilan aytganda har uchala asar ham hozirgi turkiy tillarni o‘rganishda va ularning qiyosiy tarixiy grammatikasini yaratishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qilmoqda. 
    Hozirgi globallashuv har qanday halq va davlatni o‘zining milliy madaniyati, qadriyatlari, an’analarini va ayniqsa, tilini asrab-avaylash hamda rivojlantirib borishni taqozo etmoqda. Shunday ekan, o‘zbek tilining obro‘-e’tiborini oshirish, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etilishini ta’minlash har bir millatdoshimizning muqaddas burchi bo‘lmog‘i lozim.

Hojiakbar TO‘LAGANOV,
Boshqaruv raisining maslahatchisi