uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Amalga Oshirilayotgan Islohotlarning Huquqiy Asoslari Konstitutsiya Darajasida Mustahkamlanadi

image

Amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy asoslari Konstitutsiya darajasida mustahkamlanadi

    O‘zbekistonda jamiyat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun ijobiy o‘zgarishlar, yangilanishlarga sabab bo‘lmoqda. Bejizga bugun hatto, xorijiy nufuzli tashkilotlar, davlat rahbarlari Yangi O‘zbekiston deya tilga olishayotgani yo‘q. Buni barchamiz o‘z hayotimizda ko‘rib, his etib turibmiz. Konstitutsiyaviy islohotlar ham uning bir qismi bo‘lib, keng miqyosli o‘zgarishlarning mustahkam huquqiy asosini yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatli. 
    Xabaringiz bor, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” g‘oyasi asosida Konstitutsiyaga o‘zgartish kiritish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. Ushbu masala bo‘yicha keng jamoatchilikning fikri va takliflari olindi.
    Ta’kidlash muhimki, “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli islohotlar yangi bosqichga chiqmoqda. Keng jamoatchilik, oddiy fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan taklif va fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ayni paytda umumxalq muhokamasidan o‘tmoqda.
    “O‘zagrosug‘urta” AJ Boshqaruvida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi yuzasidan “Konstitutsiyaviy islohotlar – davlat va jamiyat demokratlashuvining kafolatidir” mavzuida davra suhbati o‘tkazildi. Tadbirda qonun loyihasiga mas’ul bo‘lgan qo‘mita ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zolari, kompaniya boshqaruvi hamda videokonferentsaloqa orqali barcha hududlardagi filiallar xodimlari ishtirok etdi. 


    Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritish belgilanmoqda. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.
Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilgan.
    Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi o‘zgartishlar sifatli va malakali tibbiy xizmatni tashkil etish, ta’limni rivojlantirish, xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, fuqarolik jamiyati institutlarining maqomini va ekologik muhofaza kabi masalalarni konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yish bilan bog‘liq.
Tadbirda qayd etilganidek, qonun loyihasi davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini takomillashtirish, jumladan, parlament vakolatlarini kengaytirish, Prezidentlik institutini takomillashtirish, joylardagi vakillik va ijro hokimiyati organlarini ajratish masalalarini ham o‘z ichiga olgan.
    E’tiborli jihati davra suhbati davomida “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida faoliyat yuritayotgan yoshlar o‘z taklif va mulohazalari bilan faol ishtirok etdilar. Ayni paytda kompaniya xodimlarining 24 foizini yoshlar tashkil etadi.
Savol-javoblarga boy o‘tgan tadbirda so‘z olganlar Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni e’tirof etgan holda, qonun loyihasi yuzasidan o‘z fikr va takliflarini bildirdilar.

Axborot xizmati