uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Uzinsurance: Mijozlar Manfaati Uchun

image

UZINSURANCE: mijozlar manfaati uchun

    Bugungi iqtisodiy islohotlar jarayonida sugʻurta xizmatlarining oʻrni tobora mustahkamlanib bormoqda. Mamlakat sugʻurta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini, biznesni, qolaversa aholini sugʻurta himoya bilan qamrab olish boʻyicha qator amaliy choralar koʻrilmoqda. Xususan, yangi turdagi sugʻurta mahsulotlari ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilyapti. 
    Ayni paytda “Uzinsurance” savdo brendi ostida faoliyat yuritayotgan  “Oʻzagrosugʻurta” AJ tomonidan birinchi chorak davomida 200 mingdan ortiq sugʻurta shartnomalari rasmiylashtirilgan. Shuningdek, sugʻurta xizmatlari jozibadorligini oshirish, mijozlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, onlayn elektron polislar sonini koʻpaytirish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda. 
    Kompaniya bozordagi nufuzi va mavqeidan kelib chiqib, mijozlar ishonchini oqlashga harakat qilib kelmoqda. Bugungi kunda sugʻurta bozorida jami 42 ta sugʻurtalovchi kompaniya boʻlsa, ular orasida sugʻurta mahsulotlarining xalqchilligi va qulayligi boʻyicha “Uzinsurance” yetakchilik qiladi. Bu koʻtsatkich Moliya vazirligi huzuridagi Sugʻurta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan chop etilgan barcha ochiq manbalardagi moliyaviy hisobotlarda ham aks etgan.   
    Xususan, 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston sugʻurta bozorida 6,8 million dona sugʻurta shartnomalari tuzilgan boʻlsa, shundan  sal kam 1,2 million donasi “Uzinsurance” tomonidan rasmiylashtirilgan. 
    Taʼkidlash kerakki, sugʻurta shartnomalarini rasmiylashtirish boʻyicha yetakchilik oʻz-oʻzidan boʻlmadi. Kompaniya 2021-yilda  sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda  oʻz faoliyatini mahallabay ishlash yoʻnalishiga qaratdi. Jumladan, kompaniya xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini oʻrgandi. Bunda asosiy eʼtibor “Temir” daftarga, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolarga qaratildi. 
    Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi taʼsis etilganidan xabaringiz bor. Shuningdek, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Respublika komissiyasi va respublika vakillarining ishchi organlari tashkil etildi va hududlarga biriktirildi. Ayni paytda kompaniyamiz vakillari ham hududlarga biriktirilgan boʻlib, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga koʻmaklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishda bevosita joylarning oʻzida faoliyat olib bormoqda. 
    Aytish joiz, 2021-yilda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan yangi turdagi sugʻurta mahsulotlari amaliyotga joriy qilindi. Xususan, fuqarolarning sogʻligʻi bilan bogʻliq boʻlgan sugʻurta mahsuloti yaʼni, ularga vaksinatsiya jarayonida chin maʼnoda tirgak boʻlishi uchun yangi sugʻurta turi ishlab chiqildi. Ushbu sugʻurta polisi amal qilish davrida sugʻurtalangan shaxsning “COVID-19” vaksinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaksinaning salbiy oqibatlaridan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi.
    Davlatimiz rahbarining  2021-yil 23-oktyabrdagi “Sugʻurta bozorini raqamlashtirish va hayot sugʻurtasi sohasini rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi yuzasidan eng ommabop sugʻurta turlarini onlayn shakli amaliyotga tatbiq etildi. 
Bugungi kunda kompaniyada transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, avtotransport vositasiga oʻrnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan qaltisliklardan sugʻurta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-roʻzgʻor buyumlarini kompleks sugʻurta qilish, baxtsiz hodisalardan va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sugʻurta qilish kabi sugʻurta turlarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgani shular jumlasidandir.
    2022-yilning birinchi choragi koʻrsatkichlar ham kompaniyaning xalqchilligini yana bir bor  tasdiqlaydi.  “Uzinsurance” tomonidan joriy yilning birinchi choragida yigʻilgan sugʻurta mukofotlarining aksariyat qismi ixtiyoriy sugʻurta turlariga toʻgʻri kelmoqda. 
    Qabul qilingan sugʻurta majburiyatlari 15,8 trillion  soʻmni tashkil etsa, oʻz navbatida oʻtgan davr mobaynida 8,3 milliard soʻm sugʻurta tovonlari toʻlab berilgan. 
    Kompaniya “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da yangi turdagi sugʻurta mahsulotlarini ishlab chiqib, aholiga taqdim etishni maqsad qilgan.  Zero, “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor”.

Axborot xizmati