uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“Uzinsurance”: Murojaatlar Ortida Mijozlar Manfaati Yotadi

image

“UZINSURANCE”: murojaatlar ortida mijozlar manfaati yotadi

    “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyati 2021-yil yakunlari hamda 2022-yil oʻtgan davri mobaynida kelib tushgan murojaatlar, ularni oʻz vaqtida koʻrib chiqish va koʻtarilgan masalalarni hal qilish holati haqida brifing oʻtkazildi. 


    Maʼlumki, transformatsiya doirasida oʻtkazilgan rebrending natijasida kompaniyamiz bugungi kunda “Uzinsurance” tovar va xizmat koʻrsatish belgisi ostida faoliyat olib bormoqda. 
    “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili asosida faoliyat yuritayotgan kompaniyada isteʼmolchilar manfaati ustuvor hisoblanib, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash xizmat koʻrsatishning bosh mezoni qilib belgilangan.
    Kompaniya 2021-yilda  sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda  oʻz faoliyatini mahallabay ishlash yoʻnalishiga qaratib, bunda aholi bilan bevosita muloqotlar olib bordi. Jumladan, kompaniyaning rahbar xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini oʻrgandi. Mazkur jarayonda “Temir” daftarga, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolar asosiy eʼtiborda boʻldi.
    Yana bir muhim jihat, 2021-yil davomida “Uzinsurance” kompaniyasi ommaviy qabullarga ham katta eʼtibor qaratdi. Joylarda tashkil etilgan uchrashuvlarda sugʻurta bilan bogʻliq muammolar, umuman odamlar hayotini yengil qilishga, ularning hayotdan roziligini taʼminlashga qaratilgan murojaatlar yechimi diqqat markazda boʻldi. 
    Kompaniya Boshqaruvi raisi va uning oʻrinbosarlari hududlarda aholi, shu bilan birga tadbirkorlik subyektlari vakillari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot oʻtkazib, ularning murojaatlarini oʻrgandilar. 
    Endi bevosita murojaatlarga toʻxtaladigan boʻlsak, taʼkidlash kerakki, kompaniyaga kelib tushgan murojaatlarning qariyb 90 foizi mazmunan sugʻurta qoplamasini toʻlash bilan bogʻliqdir. 
    Shunday qilib, “Uzinsurance” savdo brendi ositida faoliyat yuritayotgan kompaniyaga 2021-yilda fuqarolarimiz tomonidan jami 7150 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 6293 tasi qanoatlantirildi va ushbu sugʻurta daʼvolari yuzasidan mijozlarga jami 35,4 milliard soʻmlik koʻrilgan zararlar qoplab berildi. Toʻlov rad etilgan murojaatlar soni esa 460 tani tashkil etdi. Rad etilishiga asosiy sabablardan biri bu – sugʻurta hodisasining shartnoma shartlariga toʻgʻri kelmasligi hamda sugʻurta hodisasi tasdiqlanmaganligi bilan izohlanadi.


     “Uzinsurance” kompaniyaning 2021-yilda koʻrilgan zararlarni qoplash boʻyicha toʻlovlari asosan quyidagi sugʻurta turlari kesimida amalga oshirilgan:
     1. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalashda 1227 murojaat yuzasidan 9 milliard soʻm;
     2. Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash sugʻurta turi boʻyicha jami 100 ta holatda 6,25 milliard soʻm;
      3. Garovga qoʻyilgan mol-mulkni ihtiyoriy sugʻurtalashda 136 ta holat boʻyicha qariyb 2,5 milliard soʻm;
        4. Isteʼmol kredit qaytmasligini ihtiyoriy sugʻurtalash boʻyicha 846 ta murojaat yuzasidan 5,6 milliard soʻm;
      5. Qishloq xoʻjaligi ekinlari hosilini ihtiyoriy sugʻurtalash boʻyicha 205 ta murojaat yuzasidan sal kam 7 milliard soʻmlik sugʻurta qoplamalari toʻlab berilgan.
    Maʼlumot uchun, sugʻurta tovoni toʻlab berilgan quyidagi murojaatchilarni misol sifatida keltirish mumkin:
    1.  Andijon viloyatidan Olimjon Umrzoqovga majburiy avtotransport sugʻurta polisi yuzasidan 26 million soʻm; 
    2. Buxoro viloyatidan Abdullo Jumayevga ipoteka sugʻurtasi boʻyicha koʻrilgan zararni qoplash uchun 51,6 million soʻm;
    3. Toshkent shahridan Abduraxim Qayumovga ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash boʻyicha tuzilgan sugʻurta shartnomasi yuzasidan qariyb 350 million soʻm toʻlab berilgan.
    Umuman, “Oʻzagrosugʻurta” aksiyadorlik jamiyatining 2021-yildagi eng yirik sugʻurta tovonlarini viloyatlar kesimida tahlil qiladigan boʻlsak, Toshkent shahriga 5,2 milliard soʻm, Buxoro viloyatiga qariyib 4,8 milliard soʻm, Toshkent viloyatiga 4,5 milliard soʻm, Qorakalpogʻiston Respublikasi va Namangan viloyatida mijozlarning murojaati boʻyicha 3 milliard soʻmdan sugʻurta qoplamalari amalga oshirilgan.
    Aytish kerakki, “Uzinsurance” kompaniyasi tomonidan sugʻurta daʼvolarini koʻrib chiqish va ushbu murojaatlar yuzasidan toʻlovlarni amalga oshirish ishlari 2022-yilda ham jadal olib borilmoqda. 
    Joriy yilniing 1-mart holatiga koʻra, aniqlangan sugʻurta hodisalari soni jami 1050 tani tashkil etdi. Shundan 602 ta holat boʻyicha 2,8 milliard soʻmdan ortiq zararlar qoplab berildi. Bugungi kunda sugʻurta hodisasi sifatida tan olingan 448 ta holat yuzasidan tovonlar toʻlash jarayonlari davom etmoqda.
    Murojaatlar orasida sugʻurta bilan bogʻliq aholini oʻylantirayotgan muammoli masalalar ham mavjud. 
    Misol uchun, 2022-yil 9-fevral kuni fuqaro Qoʻldoshev Xayrullo Ergashevich shikoyat xati yoʻlladi. Fuqaro murojaatida 2022-yil 19-yanvar kuni “Oʻzagrosugʻurta” Asaka tumani sugʻurta markazida “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurtalash" polisi onlayn rasmiylashtirilgani,  2022-yil 7-fevralda  Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” muntazam yoʻl patrul xizmati maskanida yoʻl patrul xizmati inspektori tomonidan e-polis rasmiylashtirilganligi tekshirilganda tegishli maʼlumot mavjud emasligi va unga nisbatan asossiz jarima qoʻllanilganligi haqida bayon etilgan.
    Mazkur murojaat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz. 
    Xuddi shu mazmundagi murojaatlar soni 2022-yil oʻzida, yaʼni 1-mart holatiga 437 tani tashkil etadi. Darhaqiqat, Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlariga biriktirilgan planshetdagi maʼlumotlar doimiy (onlayn) yangilanmaganligi tufayli, bugungi kunda E-polislar rasmiylashtirilganini tasdiqlashda ayrim noaniqliklar yuzaga kelmoqda. Bu oʻz navbatida, ayrim haydovchilarga nisbatan asossiz jarima solinishiga sabab boʻlmoqda. Shuningdek, mijozlarning sugʻurta kompaniyasiga nisbatan jiddiy va haqli eʼtirozlarini keltirib chiqarmoqda. 
     “Uzinsurance” kompaniyasi tomonidan mazkur masala yuzasidan tegishli mutasaddi tashkilotlarga xabar berilgan. Umid qilamizki, ushbu muammoga jiddiy eʼtibor qaratiladi va tez kunda elektron polis rasmiylashtirilganligini tekshirish jarayoni bilan bogʻliq noaniqliklarga barham beriladi. Shuningdek, asossiz jarimaga tortilgan haydovchilarga nisbatan adolatli huquqiy baho berish choralari koʻriladi. 
    “Uzinsurance” kompaniyasi mijozlariga sifatli sugʻurta xizmatlari koʻrsatishni oʻzining asosiy vazifasi deb biladi va unga har doim ustuvorlik bilan qaraydi. 

Axborot xizmati