uz
  • info@agros.uz
  • 1186

"Uzinsurance": 2021-Yilda Amalga Oshirilgan Ishlar Sarhisobi Va Istiqboldagi Ustuvor Vazifalar

image

"UZINSURANCE": 2021-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi va istiqboldagi ustuvor vazifalar

    Xalq farovonligining muhim sharti – bu albatta, iqtisodiy taraqqiyotga erishishdir. 
    Davlatimiz rahbarining 2020-yil 27-oktyabridagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida bugungi kunda “Oʻzagrosugʻurta” AJ tizimida transformatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. 
Farmon ijrosi doirasida koʻrsatilayotgan sugʻurta xizmatlari sifatini oshirish va yangi, innovatsion sugʻurta mahsulotlarini joriy etishga jiddiy eʼtibor qaratildi. Bularning barchasi kompaniyaning “2021-2023-yillar uchun rivojlanish Strategiyasi”da oʻz aksini topdi va “har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor” tamoyili bosh gʻoya qilib belgilandi.
    Shu bilan birga, tranformatsiya doirasida rebrending oʻtkazilib, “Oʻzagrosugʻurta” AJning yangi nom va yangi logotiplari eʼlon qilindi va kompaniya “UZINSURANCE” brendi ostida faoliyat yurita boshladi. 
    Aytish joiz, 2021-yilda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan yangi turdagi sugʻurta mahsulotlari amaliyotga joriy qilindi. Xususan, fuqarolarning sogʻligʻi bilan bogʻliq boʻlgan sugʻurta mahsuloti yaʼni, ularga vaksinatsiya jarayonida chin maʼnoda tirgak boʻlishi uchun yangi sugʻurta turi ishlab chiqildi. Ushbu sugʻurta polisi amal qilish davrida sugʻurtalangan shaxsning “COVID-19” vaksinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaksinaning salbiy oqibatlari natijasida yuz berishi mumkin boʻlgan salbiy hodisalardan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi.
    Kompaniya 2021-yilda  sugʻurtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda  oʻz faoliyatini mahallabay ishlash yoʻnalishiga qaratdi. Jumladan, kompaniya xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini oʻrgandi. Maqsad birinchi navbatda fuqarolarning ogʻirini yengil, uzogʻini yaqin, mushkulini oson qilish edi. Bunda asosiy eʼtibor “Temir” daftarga, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolarga qaratildi. Mahallabay ishlash, har bir xonadonning talab va istaklarini oʻrganish, ularni turli moliyaviy xatarlardan ishonchli himoya qilish  kompaniya faoliyatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. 


    Bugun barcha sohalar qatori sugʻurta yoʻnalishida ham zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish va shu orqali mijozlarga qulayliklar yaratishga eʼtibor yanada kuchaydi. “UZINSURANCE” kompaniyasida ham bugungi kunda xalqimiz orasida ommabop hisoblangan sugʻurta turlarining onlayn shakli amaliyotga tatbiq etildi. Xususan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish, astotransport vositasiga oʻrnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin boʻlgan qaltisliklardan sugʻurta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-roʻzgʻor buyumlarini kompleks sugʻurta qilish, baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sugʻurta qilish va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sugʻurta qilish kabi sugʻurta turlari boʻyicha Ye-polis taqdim etilayotgani shular jumlasidandir.  Yana bir maʼlumot. Joriy yilning 5-fevral holatiga mamlakat sugʻurta bozorida rasmiylashtirilgan 74 mingdan ziyod elektron polislarning 30 ming 504 tasi yaʼni, 41 foizi  “UZINSURANCE” hissasiga toʻgʻri keldi. 
    Yana bir muhim jihat, mamlakat sugʻurta bozorining yetakchi ishtirokchilaridan biri “UZINSURANCE” faoliyati samaradorligini taʼminlash, yangi innovatsiyalarni joriy etish, nafaqat mahalliy, balki xalqaro sugʻurta bozorida ham teng raqobatga kirisha olish hamda davlat kafolatisiz xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida tarkibiy islohotlarni amalga oshirdi. Ushbu saʼy-harakatlarning samarasi sifatida kompaniya ketma-ket uchinchi yil “Fitch” xalqaro reyting agentligi tomonidan “BB–” barqaror reytingiga ega boʻldi. 
    2021-yil davomida taʼminlangan sugʻurta mukofotlari 44,5 milliard soʻm aholi sugʻurtasi hissasiga toʻgʻri keladi. Qishloq xoʻjaligini sugʻurtalash boʻyicha 2 milliard soʻm, qolgan 214 milliard soʻmlik sugʻurta tushumlari boshqa sugʻurta turlari boʻyicha amalga oshirilgan. 

    Yana bir muhim jihat, 2021-yil davomida kompaniyada ihtiyoriy sugʻurta turlarini rivojlantirishga asosiy urgʻu berildi. Koʻrilgan chora-tadbirlar samarasi raqamlarda ham oʻz aksini topdi. Xususan, “UZINSURANCE” tomonidan tuzilgan sugʻurta shartnomalari, taʼminlangan sugʻurta mukofoti va toʻlovlarning asosiy qismi aynan ihtiyoriy sugʻurta turlari ulushiga toʻgʻri keldi. 
Misol uchun,   2021-yilda jami 261 milliard soʻmlik sugʻurta mukofoti taʼminlangan boʻlsa, shundan 163,5 milliard soʻmi ihtiyoriy sugʻurta shartnomalari yuzasidan amalga oshirilgan. 
    Shuningdek, Jamiyatimiz tomonidan 2021-yilda qariyb 1,2 million dona sugʻurta shartnomalari tuzilgan boʻlsa, uning 703 ming donasi ihtiyoriy  sugʻurta shartnomalaridir. 
    Oʻtgan yilda rasmiylashtirilgan shartnomalar doirasida olib borilgan javobgarlikning umumiy miqdori 83,5 trillion soʻmdan oshdi.
    Umuman, Jamiyat tomonidan 2021-yilda sal kam 35 milliard soʻm sugʻurta tovoni toʻlab berildi. Bunda ham zararlarni qoplash uchun amalga oshirilgan toʻlovlarning sal kam 20 milliard soʻmi ihtiyoriy sugʻurta turlariga toʻgʻri keldi. 
    Istiqboldagi ustuvor vazifalar 2022-yilgi Biznes rejada aks etdi. Unda asosan aholiga qulay, sifatli, ishonchli  va hamyonbop xizmat koʻrsatishda inklyuziv sugʻurtaning yangi turlarini amaliyotga tatbiq etish koʻzda tutilgan. Shu bilan birga ESG (Environmental Social Governance) – Ekologik, ijtimoiy korporativ boshqaruv tizimi asosida faoliyatni tashkil qilish, bunda birinchi navbatda tabiat va atrof-muhitning ifloslanishi bilan bogʻliq qaltisliklardan sugʻurtalash mahsulotlarini ishlab chiqish hamda takomillashtirishga katta eʼtibor qaratiladi. 
    Xabaringiz bor, shu yilning 28-yanvar kuni Davlatimiz rahbari tomonidan “2022-2026-yillarga moʻljallangan yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmon imzolandi. 7 ta yoʻnalishdan iborat ushbu taraqqiyot strategiyasining uchinchi yoʻnalishi Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlashga qaratilgan. U bevosita sugʻurta kompaniyalari faoliyati bilan ham bevosita bogʻliq boʻlib, sugʻurta bozori professional ishtirokchilarining mamlakat iqtisodiyotidagi oʻrnini yanada mustahkamlash, iqtisodiyot hamda aholini sugʻurta xizmatlari bilan qamrab olish kabi muhim vazifalarni oʻz ichiga oladi. Mazkur vazifalarning ijrosini taʼminlash maqsadida bizning kompaniya tomonidan ham amaliy harakatlar boshlangan boʻlib, uning doimiy tarzda takomillashtirib borish maqsad qilingan.
    Shuningdek, ayni paytda kompaniyada kechayotgan transformatsiya jarayonini muvaffaqiyatli davom ettirish maqsadida qator muhim vazifalar  belgilab olindi. Bunda moliyaviy sogʻlomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish ustuvor boʻladi. 
    Bir soʻz bilan aytganda, kompaniya faoliyatidagi oʻzgarish va yangilanishlar moliya bozorida sugʻurta xizmatlari sifatini yanada yaxshilash bilan bir qatorda sohaning mamlakatimiz yalpi ichki mahsulotidagi ulushini oshirishga, pirovardida iqtisodiyotni turli xil moliyaviy xatarlardan himoya qilishdagi ustuvor vazifalarni roʻyobga chiqarishda muhim islohotlardan biri boʻldi.

Axborot xizmati