uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Sirdaryoda 650 Million SoʻMlik SugʻUrta Tovonlari ToʻLab Berildi

image

Sirdaryoda 650 million soʻmlik sugʻurta tovonlari toʻlab berildi

  Rivojlangan mamlakatlarda fuqarolar garchi sugʻurta hodisasi ularni chetlab oʻtgan boʻlsada, sugʻurta uchun sarflangan mablagʻlari uchun achinmaydilar. Chunki sugʻurta turli hodisalar roʻy berganda ularni moliyaviy himoya qilishning yagona yoʻli ekanini anglab yetishgan.
    Sugʻurtalash aksariyat mamlakatlar iqtisodiyotining sezilarli sohalaridan biriga, ammo bundan ham muhimi – aholi va biznesga yetgan yoʻqotishlar va zararlarni qoplashning moddiy manbaiga aylandi. 
    Ayni jihatlar mamlakatimiz sugʻurta bozorida ham koʻzga tashlanib bormoqda. Buni “Oʻzagrosugʻurta” AJ faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. 
    Fikrimizni Jamiyatning birgina Sirdaryo viloyati filiali faoliyati ham tasdiqlaydi. Filial tomonidan 2021-yil davomida 20 mingdan ortiq sugʻuta shartnomalari tuzilgan. 
    Jami taʼminlangan sugʻurta mukofotlari 2 milliard  soʻmdan oshadi. Shundan 621 million soʻmi majburiy, yana 1,4 millliard soʻmi ihtiyoriy sugʻurta turlari hissasiga toʻgʻri keladi. 
    Filial joriy yilda zararlarni qoplash uchun mijozlarga viloyat miqyosida sal kam 650 million soʻmlik sugʻurta tovonlarini toʻlab berdi. 
    Taʼkidlash joizki, toʻlovlarning katta qismi ihtiyoriy sugʻurta turi boʻyicha amalga oshirilgan. Bu oʻz navbatida, Sirdaryoda sugʻurta xizmatiga ishonch yanada mustahkamlanib borayotganligidan darak beradi.


    — Tugʻriqxonada hamshira boʻlib ishlayman. Bir kuni kasalxonaga “Oʻzagrosugʻurta” tashkilotidan sugʻurtachi kelgan edi. Shunda atigi 20 ming soʻmga oʻzim uchun “Baxtsiz hodisalardan sugʻurtalash” turi boʻyicha polis rasmiylashtirgan edim. Yaqinda ehtiyotsizligim tufayli chap oyogʻimning boldir suyagi sinishi natijasidauyda toʻshakka mixlanib qoldim. Oʻzbeklarda yotib yeganga togʻ chidamas, degan maqol bor. Ayniqsa, bemorlik payti kishiga xarajatlar koʻpday tuyalaveradi. Bir payt sugʻurta qilganim yodimga tushib, darrov sugʻurtachiga qoʻngʻiroq qildim. Baraka topsin, bir million soʻmdan oshiq sugʻurta tovoni chiqarib berishdi. Pul juda qisqa muddatda, adashmasam 10 kun ichida plastik kartochkamga tushdi, — deydi Guliston tumani Oltin-Oʻrda qishlogʻida yashovchi Dilorom Abdurazzoqova.
    Shuningdek, toʻlovlar ichida eng koʻpi “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish” shartnomalari doirasida amalga oshirilganligini koʻrish mumkin. Sirdaryoliklar orasida majburiy sugʻurtaning ushbu turi nisbatan ommalashgani ham ayni haqiqat. 


    — Bugun kundalik hayotimizni sugʻurta xizmatlariga bogʻlashimiz zarur. Misol uchun, oʻtgan yili viloyatimizda yuz bergan texnogen hodisa, undan zarar koʻrganlar tarixi barchamizga maʼlum. Uzoqqa bormaylik, shu yil sentyabr oyida oʻzimga tegishli Neksiya mashinam bilan yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi. Aybdor tomonning sugʻurtasi “Uzinsurance” kompaniyasida rasmiylashtirilgan ekan. Hodisa yuzasidan “Smart consult” baholash tashkiloti xulosasiga asosan 7 million soʻmdan ortiq sugʻurta qoplamasi qisqa muddatda toʻlab berildi. Demoqchimanki, molimiz yoki jonimizga qachon zarar yetishini kutib oʻtirmasdan, uni sugʻurta qilgan kishi yutqazmaydi, — deydi Boyovut tumani “Anorzor” mahallasidan Oʻrolbek Xoʻjanazarov.

“Uzinsurance” Axbort xizmati