uz
  • info@agros.uz
  • 1186

“Uzinsurance” : Zamonaviy Axborot Texnologiyalari Qulaylik Kafolati

image

“Uzinsurance” : zamonaviy axborot texnologiyalari qulaylik kafolati

   Bugun zamonaviy xizmat turlarini joriy qilish, ularning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish maqsadida Jamiyatda bir qancha loyihalar amalga oshirildi. Bunda Davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori huquqiy asos vazifasini o‘tamoqda.

     Xususan, “O‘zagrosug‘urta” AJ hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda “UzagrosOnline” yagona elektron axborot tizimida “Migratsiya” modulini yaratish” loyihasi ishlab chiqildi. Buning uchun “Texnik yo‘riqnoma” ikki tomonlama tasdiqlanib, uning doirasida “UzagrosOnline” yagona elektron axborot tizimi hamda labormigration.uz dasturiy majmualari o‘zaro integratsiya qilindi.

    Yurtdoshlarimizning xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun berilgan kreditlar qaytarilmasligidan, shuningdek bir yil mobaynida bir marta xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish davrida ularning hayoti va sog‘lig‘ini hamda xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnoma berilmaslik xavfidan sug‘urtalanadilar. Yana bir muhim sug‘urta turi borki, u ham bo‘lsa, mehnat migrantlarining belgilangan manzilga yetib borgunlariga qadar yo‘lda sodir bo‘ladigan turli hodisalardan sug‘urta qilinadilar. Mazkur sa’yi-harakatlar xorijga ishlash uchun ketayotgan fuqarolarimizni moliyaviy xatarlardan himoya qilish, ortiqcha ovvoragarchilik va rasmiyatchiliklarsiz sug‘urtalash imkonini beradi.

    Sug‘urta faoliyatini tashkil etish va tartibga solish sohasida zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, sug‘urta xizmatlarining elektron turlarini faol joriy etish va rivojlantirish ushbu xizmatlar jozibadorligini oshirishning maqbul sharti ekani barchaga ayon.  Shu bois, sug‘urtaning ayrim turlari bo‘yicha elektron polislarni («Ye-polis»), shu jumladan internet, mobil ilovalar, infokiosklar orqali rasmiylashtirish mexanizmini joriy etish, ularni qog‘oz shaklidagi sug‘urta shartnomalariga (polislariga) tenglashtirish yuzasidan “O‘zagrosug‘urta” AJ amaliy harakatlarni olib bormoqda.

    Darvoqe, mazkur ishlar mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil 5 oktyabrdagi “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjat “Onlayn ko‘rsatilayotgan umumiy sug‘urta xizmatlari qamrov darajasini oshirish” bo‘yicha – “Online polis” axborot tizimini ishlab chiqish orqali raqamli tranformatsiya jarayonlarini ko‘zda tutadi.

    Amaliy ishlar tufayli bugungi kunda xalqimiz orasida ommabop hisoblangan sug‘urta turlarining on-layn shakli amaliyotga tatbiq etildi. Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, astotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan qaltisliklardan sug‘urta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini kompleks sug‘urta qilish, baxtsiz hodisalardan ehtiyot shart sug‘urta qilish va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sug‘urta qilish kabi sug‘urta turlari shular jumlasidandir. 

    Umuman olganda “Online polis” axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Jamiyat tomonidan ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga ko‘ra, aholi orasida ommabop sotiladigan sug‘urta mahsulotlari saralandi, “Online polis” axborot tizimini “Ommaviy oferta”si ishlab chiqildi, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan to‘lov servislari bilan shartnoma imzolandi va “Online polis” axborot tizimi boshqa axborot tizimlari bilan integratsiya qilindi.

    Bularning barchasi albatta, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatini oshirish, zamonaviyligini ta’minlash, aholiga qulayliklar yaratish kabi maqsadlarni ko‘zda tutadi.

Ulug‘bek Taylakov,

“O‘zagrosug‘urta” AJ Axborot texnologiyalari

 va kommunikatsiyalarini rivojlantirish

departamenti direktori