uz
  • info@agros.uz
  • 1186

Uzinsurance: Har Bir Murojaat EʼTibor Markazida

image

UZINSURANCE: Har bir murojaat eʼtibor markazida

    Murojaatlar. Ularning har biri ortida inson manfaati, unga bogʻliq masalani hal etishdek masʼuliyat turadi. Zero, inson ertangi kuniga ishonch bilan boqishi uchun bugunidan rozi boʻlishi lozim.

    Davlat idoralariga qilingan murojaatlarning tizimli ravishda hal etilayotgani odamlarning mushkulini oson qilmoqda. Xususan, aholining yashash sharoitlarini yaxshilash, infratuzilmani yangilash hamyurtlarimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan yangilanishlar kuzatilmoqda.

    “UZINSURANCE” kompaniyasi tizimida ham aholi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash samaradorligini oshirish, bu yoʻnalishda sifat jihatidan yangi va samarali tizimni yoʻlga qoʻyish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

    Raqamlarga yuzlanadigan boʻlsak, kompaniya tizimida joriy yilning 9 oyi davomida jismoniy va yuridik shaxslardan 4850 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan 4277 tasi yozma boʻlsa, 59 tasi ogʻzaki murojaatlardir. Shuningdek, mavjud virtual qabulxonalar orqali kelib tushgan murojaatlar soni 513 tani tashkil etadi. 2893  ta murojaat qanoatlantirilgan boʻlsa, 1289 tasiga tushuntirish berilgan. Virtual qabulxona orqali ketgan murojaatlarning 280 tasi qanoatlantirilib, 200 ta murojaat egalariga tegishli tushuntirishlar berilgan, yana 10 ta murojaat tegishliligi boʻyicha boshqa tashkilotlarga yoʻnaltirilgan.

    Albatta, murojaatlarning aksariyati sugʻurta sohasiga tegishli boʻlsa, ulardan ayrimlari sohadan umuman yiroq yoʻnalishlardir.  Masalan, aholini uy-joy va ish bilan taʼminlash, imtiyozli kredit ajratish, sud qarorlarining ijrosi, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining hatti-harakatidan norozilik va boshqa masalalar boʻyicha murojaat qilish holatlari mavjud.

     2017-yil 11-sentyabrda yangi tahrirda qabul qilingan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 25-moddasiga muvofiq “UZINSURANCE” kompaniyasi vakolati doirasiga kirmaydigan murojaatlar besh kunlik muddatdan kechiktirmay tegishli organlarga, boshqa tashkilotlarga va mansabdor shaxslarga yuborilib, bu haqda murojaat etuvchiga yozma yoki elektron shaklda xabar beriladi.

    Murojaatlar uning mazmunidan kelib chiqib, tegishli idora yoki tashkilotga yoʻnaltirilsa, ularning yechimini samarali taʼminlash imkoni vujudga keladi. Bunda albatta, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan talablarga eʼtibor qaratish lozim boʻladi.

    Masalan, ushbu qonunning 5-moddasida murojaatlarning shakllari va turlari aniq qilib koʻrsatib oʻtilgan. Yaʼni, murojaatlar ogʻzaki, yozma yoxud elektron shaklda boʻlishi mumkinligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar murojaatlarning turlari hisoblaishi hamda murojaatlar, ularning shakli va turidan qatʼi nazar, bir xil ahamiyatga ega boʻlishi belgilab qoʻyilgan.

    Qonunning 6-moddasida esa murojaatlarga qoʻyiladigan talablar batafsil bayon qilingan. Jumladan, jismoniy shaxsning murojaatida jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak. Yuridik shaxsning murojaatiga ham xuddi shunday talablar qoʻyilgan. Yana bir muhim jihat shu moddada jismoniy va yuridik shaxsning murojaatida davlat organining, tashkilotning aniq nomi, murojaat yuborilayotgan mansabdor shaxsning lavozimi va  familiyasi (ismi, otasining ismi) koʻrsatilgan, shuningdek murojaatning mohiyati bayon etilgan boʻlishi lozimligi belgilab qoʻyilgan.

   Xulosa qilib aytganda, har bir murojaatga diqqat bilan eʼtibor qaratilishi aholining roziligini taʼminlashga xizmat qiladi.

“UZINSURANCE” Axborot xizmati