Dunyoning ko’plab rivojlangan mamlakatlarida chorva hayvonlarini sug’urtalash davlat tomonidan tartibga solinadi. AQSH, Kanada, Yaponiya, Ispaniya, shuningdek, MDH davlatlaridan Ukraina, Belarusiyada chorva hayvonlarini sug’urtalashning majburiy tizimi joriy etilganligi shular jumlasidandir. Bunga sabab, chorva hayvonlarining tabiiy ofat va turli kasalliklardan zarar ko’rish xavfi yuqoriligidir.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda “chorva hayvonlarini sug’urta qilish majburiy ekan, fuqarolardan pul yig’ishning yangi usulini topishibdi, har bir chorva molini boqish uchun davlatga pul to’lashimiz kerakmi?”, - degan fikrlar muhokama etilmoqda. Mazkur masalalarga oydinlik kiritishni lozim topdik.

O’zbekiston Respublikasida chorva hayvonlari ixtiyoriy ravishda sug’urta qilinadi. Bu haqda, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi “Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo’nalishida faoliyat ko’rsatadigan xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug’urta qilish tartibi to’g’risida”gi 830-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Nizomda ham qayd etilgan.

Xo’sh, qaysi chorva hayvonlari nimadan sug’urta qilinadi?

Nizomga ko’ra, qoramollar, qo’ylar, echkilar, otlar, tuyalar, cho’chqalar, parrandalar va mo’ynali hayvonlar uchun – yong’in, bo’ron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi natijasida muzlab qolishi, elektr toki urishi (ishlab chiqarish bilan bog’liq bo’lmasa), zaharli o’tlar yoki moddalardan zaharlanish, transport vositalarining urib ketishi, portlash, ko’chki, yirtqich hayvonlar hujumi, suvga yoki jarlikka qulash, o’g’irlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo’lsa) o’tkir predmetlardan zarar ko’rish yoki nobud bo’lish, shuningdek, 101 turdagi  kasalliklarning kelib chiqishi oqibatida nobud bo’lishi, hayvonlar o’lishi muqarrar bo’lganda yoki kasallik tarqalishining oldini olish maqsadida davlat veterinariya xizmati xodimi va mahalla fuqarolar yig’ini vakili ishtirokida majburan so’yilishi etib belgilangan.

Shu bilan birga, asalarilar uchun – yong’in, bo’ron, dovul, sel, suv toshqini, yashin urishi, zilzila, qattiq sovuq tushishi oqibatida muzlab qolish, kasalliklar oqibatida nobud bo’lish, o’g’irlanish (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo’lsa) hamda baliqlar uchun – bo’ron, dovul, sel, suv toshqini, zilzila, kasalliklar oqibatida nobud bo’lish, mazkur joyga xos bo’lmagan darajada havoning sovuq kelishi, muz ko’chishi, portlash, baliqxo’r qushlar (chayka, baklan) tomonidan zarar yetishi, uchinchi shaxs tomonidan qasddan qilingan harakat, o’g’irlik (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo’lsa) kabilardir.

Ya’ni qisqacha aytganda chorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasalliklar natijasida nobud bo’lishi, majburan so’yilishi va o’g’irlik holatlaridan sug’urta qilinadi.

Sug’urta shartnomasi tuzish tartibi qanday?

Sug’urta shartnomasi yuridik shaxslar (tashkilotlar) bilan sug’urtalovchi tomonidan ishlab chiqilgan sug’urta shartnomasi shakliga muvofiq ixtiyoriy tuziladi.

Jismoniy shaxslar (fuqarolar) bilan ixtiyoriy tuziladigan sug’urta shartnomasi ularning murojaatiga ko’ra sug’urta mukofoti to’langandan so’ng sug’urta polisi berish yo’li bilan rasmiylashtiriladi.

Jismoniy shaxslarga beriladigan sug’urta polisi – sug’urta shartnomasi hisoblanadi.

 

Sug’urta puli qanday belgilangan?

 

Chorva hayvonlarining sug’urta qiymatiga nisbatan sug’urta pulining eng yuqori miqdori qoramol, ot, tuya, qo’y va echkilar uchun 80 foiz, mo’ynali hayvonlar uchun 60 foiz hamda cho’chqa, parranda, baliq va asalari uchun 50 foiz etib belgilangan.

Jismoniy shaxslar egaligidagi chorva hayvonlarining sug’urta qiymati bozor narxlaridan kelib chiqib, sug’urtalovchi va sug’urta qildiruvchining kelishuviga asosan sug’urta shartnomasida belgilanadi.

Chorva hayvonlarini sug’urta qilishda sug’urta mukofoti chorva hayvonlarining sug’urta puliga nisbatan 8.0 foiz miqdorida belgilanadi.

Misol uchun, fuqaro parvarish qilayotgan bir bosh sigirning bozor bahosi 5 million so’m bo’lsa, sug’urta shartnomasi uning 80 foizi, ya’ni 4 million so’mga tuziladi. Fuqaro to’rt million so’mdan 320 ming so’m (80%) sug’urta mukofotini to’laydi. Sug’urta polisi bir yil muddatga beriladi va shu muddat ichida chorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasaliklar natijasida nobud bo’lsa, majburan so’yilsa yoki o’g’irlanishi (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo’lsa) natijasida fuqaroga 4 million so’m miqdorida yetkazilgan zarar qoplab beriladi.

Shartnoma tuzish uchun qaerga murojaat qilish kerak?

Sug’urta shartnomasini tuzish uchun fuqarolar “O’zagrosug’urta” AJ yoki hududlardagi vetrinariiya va chorvachilikni rivojlantirish bo’limlariga murojaat qilishlari mumkin. 

Sug’urta mukofoti yuridik shaxslar tomonidan sug’urta shartnomasiga ko’ra 5 kun muddatda sug’urtalovchiga to’lanadi. Jismoniy shaxslar tomonidan sug’urta mukofoti naqd pul yoki plastik kartochka orqali hamda boshqa to’lov vositalari orqali to’lanishi mumkin.

Sug’urta mukofti to’langandan so’ng fuqarolarga o’sha kunni o’zida, yuridik shaxslarga 3 kun ichida sug’urta polisi yozib beriladi.

Sug’urta holati yuz berganda qanday yo’l tutish lozim?

Shartnoma amal qilgan davrda  chorva hayvonlari tabiiy ofatlar, baxtsiz hodisalar, kasaliklar natijasida nobud bo’lsa, majburan so’yilsa yoki o’g’irlanishi (agar shu munosabat bilan jinoyat ishi ochilgan bo’lsa) holati yuz berganda 5 kun ichida sug’urta tashkilotiga yozma yoki og’zaki xabar berish kerak. Ushbu xabarnoma asosida, sug’urtalovchi tomonidan  3 kun muddatda chorva hayvoni nobud bo’lganligi, majburan so’yilganligi yoki o’g’irlanganligi to’g’risidagi dalolatnoma tuziladi.

Sug’urta tovonini olish uchun sug’urta qildiruvchi yoki uning ishonchli vakili sug’urtalovchiga dalolatnoma tuzilgandan so’ng 2 kun muddatda ariza bilan murojaat qiladi. Arizaga sug’urta polisi nusxasi, hayvonning veterinariya pasporti nusxasi, sug’urta qildiruvchiga xizmat ko’rsatuvchi veterinar vrach yoki davlat veterinariya xizmati mutaxassisining hayvon jasadini yorish bayonnomasi, hayvonning kasallanishi, nobud bo’lishi yoki majburan so’yilish sabablari to’g’risida davlat veterinariya xizmati yoki veterinariya laboratoriyasining xulosasi, gidrometeorologiya markazi, yong’indan saqlash xizmati, huquqni muhofaza qilish organi va boshqa vakolatli tashkilotlarning ma’lumoti hamda sug’urta tavakkalchiliklarining yaqqol namoyon etuvchi sug’urta hodisasi ro’y berganligini tasdiqlovchi fotosuratlar yoki videotasmalar taqdim etiladi.

Sug’urtalovchi sug’urta tovonini to’lash yoki to’lashni rad etish haqida sug’urta qildiruvchi tomonidan hujjatlar to’liq taqdim etilgandan so’ng 15 kun muddatda qaror qabul qiladi. Agarda sug’urta tovonini to’lashni rad etish haqida qaror qabul qilinsa, sug’urtalovchi sug’urta qildiruvchiga sug’urta tovonini to’lashning rad etishni asoslantirgan sabablarini ko’rsatgan holda xabar beradi. Sug’urta tovoni sug’urtalovchining sug’urta tovonini to’lash to’g’risidagi qarori qabul qilingan kundan boshlab 5 kun muddatda to’lab beriladi.

Hozirgi kunda chorva hayvonlari turli sabablarga ko’ra nobud bo’lishidan ko’plab fuqarolarimiz katta miqdorda zarar ko’rmoqda, aziyat chekmoqda. Bu esa go’sht mahsulotlarining narxiga ta’sir o’tkazmay qolmaydi. Sug’urta xizmati — ushbu ko’rilgan zararlarni qoplanishining kafolat mexanizmlardan biri hisoblanadi. Aslo, chorva hayvonlarini sug’urta qilish, ijtimoiy tarmoqlarda ta’kidlanganidek “fuqarolarni shilishning yangi yo’li” emas, bu ixtiyoriydir, ya’ni, yuridik yoki jismoniy shaxslarning istagi bo’lsagina amalga oshiriladigan moliyaviy xizmatning bir turi bo’lib hisoblanadi.

  •  Abdurashid VAXOBOV,
  • “O’zagrosug’urta” AJ Boshqaruvi departamentining menejeri.
 

Тест1

Тест1
23