“O’zagrosug’urta” bugungi kunda mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida ham faoliyat olib boruvchi sug’urta infratuzilmasiga ega bo’lib, O’zbekiston sug’urta bozoridagi ulushi 14,6 foizni tashkil etadi. Kompaniya 2018 yilda “SAIPRO” axborot-reyting agentligi tomonidan taqdim etiladigan “Oltin soyabon” sug’urta sohasidagi jamoatchilik mukofotida “Eng yaxshi sug’urta kompaniyasi” nominatsiyasida g’olib bo’lgan.

– Ayni paytda viloyatimizning barcha tuman va shaharlarida 20 ta hududiy bo’linmamiz bo’lib, ularda 137 nafar xodim mehnat qilmoqda, – deydi Anvar Boliev. – Shuningdek, 168 nafar sug’urta agentimiz aholiga sug’urta xizmatlari ko’rsatib kelmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida viloyatimiz bo’yicha 128 ming 524 ta sug’urta shartnomasi tuzildi. Sug’urta shartnomalari soni barcha sug’urta turlari bo’yicha o’tgan yilning shu davriga nisbatan sezilarli darajada ko’paygan. Mijozlarimiz orasida fermerlar, bog’bon va sohibkorlar, qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtiruvchilar ko’pchilikni tashkil etadi. Ularga yetishtirayotgan hosili, ishlab chiqarayotgan mahsuloti bo’yicha sug’urta hodisasi ro’y berganda, tovon pullar to’lab berilmoqda. Jumladan, 2018 yil paxta hosili sug’urtasi bo’yicha viloyatdagi 3341 ta fermer xo’jaligi bilan shartnomalar imzolanib, 46 milliard so’mlik sug’urta javobgarligi olib borildi. Mavsum yakuni bilan ularning 1764 tasi bizga murojaat qildi va 1633 fermerning da’vosi qanoatlantirildi. Ularga 9 milliard so’m sug’urta tovoni to’lab berildi. 131 fermerning murojaati esa sug’urtaga olingan javobgarlikdan ko’p hosil yetishtirilgani sababli rad etildi.

Joriy yil birinchi yarmida g’alla hosili sug’urtasi bo’yicha 1252 ta shartnoma imzolanib, 20,7 milliard so’m miqdorida sug’urta javobgarligi olib borilgan va 841 holatda paxta va g’alla uchun 2,7 milliard so’m, 288 boshqa holatlar bo’yicha 149,9 million so’m sug’urta tovoni to’landi.

Matbuot anjumanida Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasining sug’urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorining mazmun-mohiyati hamda uning ijrosini ta’minlashda “O’zagrosug’urta” aktsiyadorlik jamiyati tomonidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar haqida ham ma’lumot berildi.

 

G’.HASANOV, O’zA

Тест1

Тест1
25