Bugun “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi S.Otamuratov Samarqand viloyati filialida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlar salohiyatini yanada oshirish yuzasidan sohada olib borilayotgan ishlar va kelgusidagi ustuvor vazifalar haqida fikr-mulohazalar yuritildi.
    Xususan, uchrashuvda 2021 yil mamlakatimizda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” munosabati bilan “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida yosh kadrlarni ko‘paytirish, ularning kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek sohada faoliyat ko‘rsatayotgan yosh xodimlarning oilaviy holatini tahlil etish, ularga moddiy-ma’naviy ko‘maklashish maqsadida tizimli ishlarni amalga oshirishi lozimligi qayd etildi.


     Bugungi kunda, “O‘zagrosug’urta” AJ tizimida ming  nafardan ortiq xodim xizmat qilib kelayotgan bo‘lsa, shundan 300 dan ortig‘i yoshlar hisoblanadi.
    Jamiyatda yoshlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida tegishli chora-tadbirlar asosida tizimli ishlar oilb borilmoqda. Yoshlarining soha bilimlarini puxta egallashi va ularni oliy ma’lumotga ega bo‘lishini ta’minlash maqsadida, Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug‘urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4412-sonli Qaroriga muvofiq o‘rta maxsus ma’lumotga ega bo‘lgan 27 nafar xodim oliy ta’lim muassasasiga tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilindi.
    Shuningdek, yosh xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish maqsadida sportning mini-futbol, stol-tennisi hamda boshqa turlari bilan muntazam ravishda shug‘ullanishi uchun shart-sharoitlar yaratilgan.


    Muloqot chog‘ida Jamiyat raisi  Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada ilgari surilgan fikr va tashabbuslarini “O‘zagrosug‘urta” AJ tizimida izchil amalga oshirish bo‘yicha 9 ta bo‘lim, 17 ta banddan iborat alohida manzilli Dastur ishlab chiqilib, unda Kompaniyaning barcha bo‘g‘inidagi yoshlar, shu jumladan yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarni jalb qilish kabi vazifalar belgilangani haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.

    Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” AJ Samarqand viloyati filiali faoliyati tanqidiy muhokama etildi. Filialda ish samaradorligini oshirish uchun 2021 yilda  ustuvor yo‘nalish etib Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilgan, kadrlar malakasini oshirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda xalqaro bozorlarda yangi segmentlarni va eksportni ko‘paytirish kabi muhim va dolzarb vazifalar xusida so‘z bordi. 
    Ochiq muloqot so‘nggida Jamiyat raisi bugungi kunda kompaniyaning rahbarlik lavozimida 22 nafar yosh kadrlar faoliyat  ko’rsatayotganini ta'kidlab, 
intiluvchan yoshlarni har doim qo’llab-quvvatlashga tayyor ekanligini bildirdi.

“O‘zagrosug‘urta” AJ
Axborot xizmati