O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni o‘z ichiga oladi. Ushbu dasturilamal hujjatda barcha ijtimoiy-ma’rifiy va iqtisodiy-siyosiy sohalar faoliyati tahlili, ularni rivojlantirishning muhim yo‘nalishlari haqida so‘z boradi.
    Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilayotgan islohotlarni amaliyotga tadbiq etish usullari, xususan, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ayniqsa,  iqtisodiyotning barcha tarmoqmoqlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish va sohalarda ish samaradorligini yanada oshirish, ular faoliyatini tubdan yangilash (tranformatsiya) singari ustuvor vazifalar Murojaatnomada aks etadi.
    Kuni kecha “O‘zagrosug‘urta” aktsiyadorlik jamiyatida tashkil etilgan davra suhbati ayni shu masalalarga bag‘ishlandi. Murojaatnomaning asl mazmun mohiyati, uning sug‘urta sohasini rivojlantirishdagi ahamiyati haqidagi muhokamalarda ishtirok etish uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari taklif etildi. 
    Davra suhbatida deputatlar tomonidan Murojaatnomaning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatlariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, 2021 yilda iqtisodiyot, sud-huquq va boshqa ijtimoiy sohalardagi islohotlarni sug‘urta tashkilotlari faoliyatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri xususida batafsil ma’lumot berildi. 


    Tadbirda bu yil mamlakatimizda ko‘plab yangi ishlab chiqaruvchi korxonalar ishga tushishi, xorijiy investorlar bilan hamkorlikda qator qo‘shma loyihalarni amalga oshirish energetika va boshqa zarur infratuzilmaviy sharoitlar yaratish singari ustuvor vazifalar haqida ta’kidlab o‘tildi. Bu esa sug‘urtalovchi tashkilotlarga yangi mahsulotlar, ishlab chiqaruvchi va mijozlar talab-istaklaridan kelib chiqib xizmat ko‘rsatishni taqozo etadi.    Xususan, elektron polis rasmiylashtirish, masofaviy xizmatlar va mijozlar faoliyatiga mos sug‘urta turlari amaliyotga tadbiq etish uchun qulay imkoniyat yaratishi keng muhokama etildi. 
    Murojaatnomada moliya bozorida raqobatni rivojlantirish va mamlakatimizda islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish bo‘yicha huquqiy bazani yaratish lozimligi alohida aytildi. Bu kelasi yilda turli tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish uchun aholiga yanada qulay sharoit yaratilishidan darakdir. Birgina, “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”  munosabati bilan yoshlarning biznes loyihalarini kreditlash hamda ularni kasb-hunarga o‘qitish uchun bir trillion so‘m va 50 million dollar ajratilishi o‘z-o‘zidan sug‘urtalovchi kompaniyalar xizmatiga ehtiyoj mavjudligi ko‘rsatadi. 
    So‘zga chiqqan deputatlar Murojaatnomaga asosan 2021 yilda sud-huquq sohasidagi qator o‘zgarishlar, xususan, sudlovning yangi va zamonaviy turi joriy etilishi haqida ta’kidlab o‘tdi. Ya’ni fuqarolik, iqtisodiy va jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat darajasidagi 3 ta sudlar bitta sud sifatida birlashtiriladi. Bu yangilik aholi va tadbirkorlarga katta qulayliklarni yaratadi. Shuningdek, bundan keyin investorlar, o‘z xohishiga ko‘ra, nizoni hal qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri Oliy sudga murojaat qilishi mumkinligi, sud tizimida raqamlashtirish yanada kengaytirilib, fuqarolarimizga sud binosiga kelib yurmasdan, “onlayn” tartibda murojaat qilish hamda fuqarolar o‘z arizalarini ko‘rib chiqish jarayonini masofadan turib kuzatib borish sharoiti yaratiladi. 


    Davra suhbatida so‘nggi yillarda mamlakatimizda sug‘urta sohasini rivojlantirish uchun qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kitiritilgani, sug‘urta faoliyatiga oid yangi qonun loyihasiga takliflar ishlab chiqish to‘g‘risida qizg‘in muhokama bo‘lib o‘tdi.
    Shu bilan birga, “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan 2021 yilda  ustuvor yo‘nalish etib Davlatimiz rahbari tomonidan Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilgan, kadrlar malakasini oshirish, raqobatbardosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish hamda xalqaro bozorlarda yangi segmentlarni va eksportni ko‘paytirish kabi muhim va dolzarb vazifalar xusida so‘z bordi. 
    Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6096-son Farmoni ijrosini ta’minlash va Jamiyatning ishonchli va barqaror imijini shakllantirish maqsadida xalqaro standartlarga mos boshqaruv tizimini joriy qilish, shuningdek, kompaniyada to‘liq transformatsiya masalalari shular jumlasidandir.
    Anjuman yakunida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi hamda yig‘ilganlar o‘zlarining qiziqtirgan fikr va mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi. 

  • “O‘zagrosug‘urta” AJ
  • Axborot xizmati

Тест1

Тест1
24