Sug‘urta ob’yekti:

Baxtsiz hodisa natijasida sug‘urtalangan shaxsning hohish irodasiga bog‘liq bo‘lmagan mayiblanishi, jarohatlanishi yoki uning vafoti bilan hayoti va salomatligiga bog‘liq bo‘lgan mulkiy manfaatlari sug‘urta ob’ekti hisoblanadi.

Sug‘urta hodisasi:

Sug‘urta polisi ning amal qilish davrida kutilmagan baxtsiz hodisalar: kuyish, muzlab qolish, cho‘kish, elektr toki va yashin urishi, tabiat hodisalari, portlash hamda hayvonlar tajovuzi, tishlashi, hasharotlar chaqishi natijasida shikastlanishlar, g‘araz niyatli shaxsni hujumi, Sug‘urtalangan shaxsning yiqilishi yoki ustiga biror bir jismni tushib ketishi, jismning urilishi, transport vositalarining (avtomobil, poyezd, tramvay va boshqalarni) ag‘darilishi yoki ularning harakati vaqtida yo‘l transport hodisalarida, mashina, mexanizmlardan va boshqa turdagi asboblardan foydalanayotganda olingan jarohatlar, tasodifan nafas olish yo‘liga biror narsa tiqilib qolishi, zaharli o‘simliklar, kimyoviy moddalar ta’sirida kuchli zaharlanish, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmonlar bilan tasodifan zaharlanish, tasodifan suyak sinishi, chiqishi, bo‘g‘im va to‘qimalarning uzilishi, tana a’zolarining to‘liq yoki qisman yo‘qotilishi, kana ensefaliti va yuqumli kasalliklar – Virusli gepatit (sariq) “A”, “B”, “C” turlari, dizenteriya (ichburug‘), salmonellez, stolbnyak (qoqshol), botulizm, brutsellez, difteriya, qizamiq, suvchechak bilan kasallanish natijasida tananing jarohatlanishi, jarohatlanish natijasida tana a’zolarini ishlash funksiyasini o‘zgarishi yoki o‘limga olib keluvchi tabiatda bo‘ladigan hodisalar sug‘urta hodisalari hisoblanadi.

Quyidagilar oqibatida yuzaga kelgan jarohatlanish yoki o‘lim sug‘urta hodisasi hisoblanmaydi:

- sug‘urtalangan shaxs sug‘urta polisida ko‘rsatilgan baxtsiz hodisalar tufayli jarohatlansa yoki yuqumli kasalliklarga chalinsa va ushbu holatlar bo‘yicha tibbiy muassasaga murojaat qilmagan hamda tibbiy xizmat olmagan bo‘lsa;

- sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta shartnomasi (polisi)da ko‘rsatilmagan hodisalar oqibatida jarohatlanishi yoki yuqumli kasalliklar bilan kasallanishi tufayli sog‘lig‘ining yo‘qotilishi;

- spirtli ichimliklar, narkotik moddalar va boshqa kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni iste’mol qilish natijasida sug‘urtalangan shaxs kasalliklarga chalinsa yoki jarohat olsa;

- yadro portlashi, radiatsiya va radiaktiv nurlanish, zaharlanish ta’sirida, harbiy harakatlar yoki harbiy mashqlar, fuqarolar urushi, ish tashlash, xalq ko‘tarilishini har-xil turlari oqibatida tan  jarohatlari olsa yoki vafot etsa;

- shamollash va boshqa kasalliklar tufayli vafot etsa;

- noqonuniy harakatlar, shu jumladan o‘zini joniga qasd qilish natijasida Sug‘urtalangan shaxslarning sog‘lig‘iga zarar yetkazilishi (uchinchi shaxslarning noqonuniy harakati va tazyiqi ostida qilingan holatlar bundan mustasno);

- sug‘urta mukofoti sug‘urtalovchining hisob raqamiga tushishdan oldin yoki sug‘urta javobgarligi boshlanishidan oldin sug‘urta qildiruvchi yuqumli kasallikka chalingan bo‘lsa.

Baxtsiz hodisalar natijasida sog‘ilig‘iga zarar yetkazilganda:

Sug‘urta qildiruvchi sug‘urtalangan shaxsning sug‘urta shartnomasida ko‘rsatilgan baxtsiz hodisalar yoki yuqumli kasalliklar natijasida sog‘lig‘iga zarar yetkazilganda sug‘urtalovchiga 30 (o‘ttiz) kun ichida hodisani qayd etish maqsadida xabar qilishi lozim.

Sug‘urta qildiruvchi/sug‘urtalangan shaxs sug‘urtalovchiga murojaatida quyidagi ma’lumotlarni ko‘rsatishi shart:

- sug‘urta hodisasi bo‘yicha sug‘urta pulini olish uchun ariza, sug‘urta polisi;

- sug‘urta hodisasi yuz berganligini tasdiqlovchi davolash muassasasining ma’lumotnomasi;

- FHDYo idorasi tomonidan berilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

- naf oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.

Zarur hollarda rentgen surati, tergov tashkilotlarining hujjatlari va boshqalar ilova qilinadi. Rentgen suratida sug‘urtalangan shaxsning familiyasi, ismi, sharifi, yoshi, tekshirilgan sana va raqami ko‘rsatilgan yozuv bo‘lishi shart.

Sug‘urtalangan shaxsning yumshoq to‘qimalari, qulog‘i, ko‘zi, siydik, jinsiy a’zolari shikastlanganda sug‘urtalovchi shikastlanish oqibatlarini aniqlash maqsadida uni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun mutaxassis shifokor huzuriga yuborishi mumkin.

Sug‘urtalangan shaxsning ko‘rish yoki eshitish a’zolari jarohat olgan bo‘lsa, ko‘rish va eshitish a’zolarining jarohatdan oldingi va keyingi holati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tibbiy muassasadan olinadi.

Yuqumli kasalliklar bilan kasallanganda:

Sug‘urtalangan shaxs yuqumli kasalliklar bilan kasallanganda yoki vafot etganda (yuqumli kasallikka chalingan kundan boshlab 3 (uch) oy muddat ichida) sug‘urta qildiruvchi (naf oluvchi) sug‘urtalovchiga quyidagi hujjatlar bilan murojaat qiladi:

- Sug‘urta hodisasi bo‘yicha sug‘urta pulini olish uchun ariza;

- sug‘urta polisi;

- sug‘urta hodisasini tasdiqlovchi tibbiy muassasaning ma’lumotnomasi;

- FHDYo idorasi tomonidan berilgan o‘lim to‘g‘risidagi guvohnomaning nusxasi;

- naf oluvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.

Taqdim etilgan barcha hujjatlar muhrlangan, imzolangan va berilgan sanasi raqamlari bo‘lishi shart.
Sug‘urtalangan shaxs yuqumli kasalliklar (virusli gepatit (sariq) “A”, “B”, “C” turlari, dizenteriya (ichburug‘), salmonellez, stolbnyak (qoqshol), botulizm, brutsellez, difteriya, qizamiq, suvchechak) bilan kasallanganda sug‘urta tovoni to‘liq to‘lanadi.

Sug‘urta tovonini to‘lash sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lash to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan kundan e’tiboran 5 (besh) ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.