Sayt beta-versiyada.

    Jahonda va mamlakatimizda koronavirus infektsiyasining keng tarqalishi, tabiat injiqliklari bilan bog’liq holda yuzaga kelayotgan favqulodda holatlar, tabiiy ofatlar hech bir kishi texnogen hodisalardan himoyalanmaganini ko‘rsatmoqda.

    Tabiiy ofatlar oqibatlarini bartaraf qilish va yetkazilgan  zararlarni qoplash bo‘yicha davlatimiz rahbari boshchiligida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Xalqning og’irini yengil qilishga qaratilgan bir qancha Qaror, Farmon va huquqiy  hujjatlar qabul qilinmoqda. Vaholanki, bunday vaziyatlarda yetkazilgan zararlarni sug’urta kompaniyalari qoplab berishi, buning uchun esa odamlar mol-mulkini sug’urta qildirgan bo‘lishi lozim edi.

    Afsuski, bugun xalqimiz orasida sug’urta madaniyati yetarli darajada shakllanmagan yoki uni amalga oshirishga bo‘lgan ishonchsizlik yuqori. Bu joriy yilning 28 aprelь kuniga o‘tar kechasi Buxoro va Navoiy viloyatlarida bo‘lib o‘tgan kuchli bo‘ron hamda 1 may kuni Sirdaryo viloyati “Sardoba” suv ombori dambasining 6 piket devorida suv chiqishi natijasida yetkazilgan talafotlar chog’ida ham yaqqol namoyon bo‘ldi. Tekshiruvlar jarayonida nobud bo‘lgan chorva hayvonlari, jiddiy zarar yetgan aholi imoratlarining aksariyati sug’urta qilinmagani aniqlandi. Sug’urta qilingan mol-mulklarga yetkazilgan barcha zarar esa o‘z vaqtida to‘lab berilyapti.

Sug’urta ixtiyoriy, ammo...

    Mamlakatimizda sug’urta munosabatlari sug’urta kompaniyalari hamda jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasida tuzilgan ixtiyoriy sug’urta shartnomalari (majburiy sug’urta turlaridan tashqari) asosida amalga oshiriladi. Sug’urta shartnomasi kuchga kirmagan, ya’ni sug’urtalanmagan mol-mulklarga yetkazilgan zararlarni sug’urta kompaniyalari tomonidan qoplash uchun qonuniy asos mavjud emas.

    Respublikamizda 1997 yilgacha sug’urta agentlari tomonidan aholi, uning imorat va chorva hayvonlari majburiy sug’urta qilingan. Natijada o‘sha yillari 10 millionga yaqin sug’urta shartnomalari tuzilgan. Ushbu shartnomalar talabi asosida fuqarolarning mol-mulkiga turli tabiiy ofatlar natijasida yetkazilgan zararlar qoplab berilgan. Majburiy sug’urtaning asosiy tamoyillaridan biri – yetkazilgan zararning qoplanishi kafolatlanishidir. Shu bois, majburiy sug’urta badalini to‘lamagan insonlarga ham zararlar belgilangan miqdorda qoplab berilgan. Masalan, chorva hayvonlarini majburiy sug’urtasida sug’urta tovoni o‘sha paytdagi eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida belgilangan. Fuqaro tomonidan majburiy sug’urta badali to‘lanmagan bo‘lsa, unga nobud bo‘lgan chorva-hayvoni uchun to‘lanadigan sug’urta tovoni miqdoridan fuqaro to‘lashi lozim bo‘lgan majburiy sug’urta badali miqdori ushlab qolingan.

    Mamlakatimizda bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tilgach, aholi mol-mulklarining majburiy sug’urtasi bekor qilinib, sug’urta ixtiyoriy etib belgilandi. Natijada insonlar sug’urtani o‘zi anglagan holda, ixtiyoriy amalga oshira boshladi. Odamlarda sug’urta va uning ahamiyati haqida mustaqil fikrlar, tushunchalar paydo bo‘ldi. Shunga qaramay, o‘tgan yillar davomida fuqarolarda sug’urtaga bo‘lgan ishonchsizlik saqlanib keldi.

    Bugun insonlarda sug’urta madaniyatini shakllantirish, ularning sug’urtaga bo‘lgan ishonchlarini yanada mustahkamlash sug’urta kompaniyalari oldida turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Buning uchun aholi o‘rtasida sug’urtaning mazmun-mohiyatini ko‘proq targ’ib qilish, ommaviy axborot vositalari orqali sug’urtaga bag’ishlangan eshittirish va ko‘rsatuvlar tayyorlash, sug’urta haqidagi reklamalarni ijtimoiy  reklamalar sarasiga kiritish maqsadga muvofiq.

    Keyingi yillarda mamlakatimizda ayniqsa, qishloq joylarda yashaydigan aholining sug’urta himoyasini ta’minlash maksadida bir qator Qaror va Farmonlar qabul qilinmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrdagi Qarori bilan tasdiqlangan “Aholi xonadonlarida va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda parvarish qilinayotgan chorva hayvonlarini sug’urta qilish tartibi to‘g’risidagi Nizom” shular jumlasidandir.

    Ushbu nizomga ko‘ra, aholi chorva hayvonlarini ixtiyoriy sug’urtalash tartibi belgilab qo‘yilgan. Masalan, fuqaroning bir bosh chorva-hayvonining o‘rtacha bozor narxi 5 million so‘m bo‘lsa, sug’urta puli uning 80 foizi, ya’ni 4 million so‘mga to‘g’ri keladi. Bu holatda fuqaro tomonidan 4 million so‘mdan 8 foiz miqdorida, ya’ni 320 ming so‘m sug’urta mukofoti to‘langanda, uning chorva-hayvoni tabiiy ofatdan nobud bo‘lgan taqdirga jami 4 million so‘m sug’urta tovoni to‘lab beriladi.

    Shuningdek, aholi bino-inshootlari va imoratlari sug’urtasi bo‘yicha fuqaro tomonidan qiymati 50 million so‘mlik imoratlarni sug’urta qilish uchun uy-joy qiymatining 0,5 foizi miqdorida, ya’ni 250 ming so‘m sug’urta mukofoti to‘lanishi lozim. Bunda fuqaro tomonidan 250 ming so‘m evaziga 50 million so‘mga uy-joyi sug’urta qilinadi. Tabiiy ofat natijasida uy-joyga yetkazilgan  zarar baholash dalolatnomasi asosida qoplab beriladi. Agarda tabiiy ofat natijasida uy-joyning bir qismi, masalan 70 foizi zararlanganda, sug’urta tovoni sifatida 50 million so‘mning 70 foizi, ya’ni 35 million so‘m miqdorida zarar qoplab beriladi.

    Albatta, sug’urta shartnomasini tuzish uchun fuqaroda nafaqat xohish, balki sug’urta mukofotini to‘lash uchun yetarli mablag’ bo‘lishi lozim. Hozir insonlar uchun mol-mulki va boshka xavflarini sug’urtalashga bo‘lgan ehtiyoj ularning yashash uchun zarur bo‘lgan birinchi darajali ehtiyojlaridan (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy va maishiy ehtiyojlar) keyingi o‘rinda turadi.

    Respublikamizni hududiy jihatdan tabiiy texnogen hodisalar sodir bo‘lishi yuqori bo‘lgan hududda joylashganligini inobatga olib, aholi bino-inshootlari, imoratlari va chorva hayvonlarini majburiy sug’urta qilish tizimini joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Albatta, buning uchun kompleks chora-tadbirlar qabul qilish talab etiladi. Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasining sug’urta bozorini isloh qilish va uning jadal rivojlanishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g’risida”gi Qarorida ushbu masalalarga e’tibor qaratilgan bo‘lib, uning ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash va insonlarda sug’urta madaniyatini shakllantirish mazkur sohani yanada takomillashtirish va unda aniq natijalarga erishilishiga xizmat qiladi.

  • Doniyorbek ERKINJONOV,
  • “O‘zagrosug’urta” AJ Boshqaruvining
  • Ijro etuvchi apparati boshlig’i

Акция продолжается!

 Предоставленная акция компаниями АО GM Uzbekistan и АО “Узагросугурт...
630

Hayriya — baraka keltirur

Kompaniyamizning hayriya tadbirlari davom etmoqda. Boshqaruv raisining Qashqadar...
524

Hashar – elga yarashar!

Necha yuz yillardan buyon davom etib kelayotgan ushbu an’anaga ko’ra...
653

Munosabat

Shu kunga qadar mamlakatimizda sug’urta bozorini rivojlantirishda pro...
520

Munosabat

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 avgustdagi&nb...
461